10:22 / 09.11.2015
5434

Burundi poytaxti aholisi qatag‘ondan qo‘rqib, shaharni tashlab ketmoqda

Burundi poytaxti Bujumburi shahri aholisi qatag‘onlar boshlanishi xavfi tufayli shahardan bosh olib chiqib ketmoqda. Ular zudlik bilan o‘z uylarini tark etishmoqda va o‘zlari bilan faqat zarur yuklarni olishmoqda.

Bunga 6 noyabr kuni mamlakatdagi eng mashhur inson huquqlari himoyachisi Per Mbonimpaning o‘g‘li o‘ldirib ketilganidan so‘ng, hukumat shahar bo‘ylab keng miqyosdagi tekshiruvlar boshlanishi va noqonuniy qurol saqlayotgani aniqlangan shaxslar "millat dushmani" sifatida e'lon qilinishi haqida ma'lum qilgani sabab bo‘ldi.

"Qo‘rqamizki, harbiylar odamlarni sud-so‘roqsiz otib tashlashni boshlashadi", deb o‘z xavotirlarini bildirgan bujumburaliklardan biri Frans Press agentligiga.

Qayd etilishicha, 2015 yilning aprelidan buyon 200 nafardan ortiq burundilik diktator Nkurunzizining siyosatiga qarshi o‘tkazilgan namoyishlar vaqtida o‘ldirilgan. Bu namoyishlar Per Nkurunzizaning prezidentlikka uchinchi marta o‘z nomzodini qo‘yishi va g‘olib bo‘lishi tufayli muxolif kuchlar tomonidan o‘tkazilgan.

Per Nkurunziza esa 2005 yilda uni xalq emas, parlament saylaganini, shuning uchun 2015 yilgi saylovda qatnashish uchun haqli ekanini ro‘kach qilgandi.

Shu yilning 21 iyulida u davomat 73 foizni tashkil qilgan saylovda 70 foiz ovoz to‘plab g‘alaba qozondi. Uning raqibi Agaton Rvasa saylovlar arafasida o‘ziga nisbatan uyushtirilgan bosimlar tufayli o‘z nomzodini qaytarib olgan bo‘lsada, uning nomi byulletenlarda qoldirildi va saylovchilarning 20 foizi unga ovoz berishdi.

OAVlar bergan ma'lumotlarga ko‘ra, saylovlar boshlanishidan bir necha soat oldin mamlakat poytaxtida otishma sodir bo‘lgan.

23 may kuni Burundidagi muxolif kuchlar rahbari Zedi Feruzi o‘ldirib ketilgandi.

AQSh, YeI va Afrika Ittifoqi bu saylov natijalarini tan olmagan. Rossiya tomoni bu saylov natijalari "mamlakatda tinchlik o‘rnatilishini ta'minlashi" haqida bayonot bilan chiqqan.

Barak Obama bu saylovdan bir necha kun o‘tib, Afrikaga uyushtirgan safari vaqtida Nkurunzizaning harakatlarini qoralab chiqqan.

Ma'lumot uchun, Afrikaning markaziy qismida (Kongo DR va Tanzaniya oralig‘ida) joylashgan bu mamlakat aholisi 10,4 million kishini tashkil qiladi. Jahon banki ma'lumotiga ko‘ra, Burundi YaIMi ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yomon 2 ko‘rsatkichdan biri hisoblanadi.

Top