16:19 / 09.11.2015
4265

Qozog‘istonda “Buyuk dasht mamlakati” brendi yana muhokamalarga sabab bo‘lmoqda

Bir muddat ilgari Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev “Buyuk dasht mamlakati” degan nomni mamlakatning brendiga aylantirish tashabbusi bilan chiqqan edi. Endilikda bu tashabbus kattaroq miqyosga chiqib, muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

“Nur Otan” partiyasi qoshidagi “Meros” respublika jamoat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta'kidlanishicha, bu brendni joriy qilish hamda jahon miqyosida targ‘ibotini olib borish uchun dasht tarixi va madaniyati haqida videoensiklopediyalar, qisqa metrajli filmlar, eng yaxshi logotip uchun tanlov e'lon qilish birlamchi ahamiyatdagi tadbirlardir.

Shundan so‘ng kengroq miqyosda ilmiy konferensiyalar o‘tkazish, OAV orqali targ‘ibot yuritish borasida o‘ylab ko‘rish mumkin bo‘ladi.
“Bilamizki, mafkura kompasday narsadir, - dedi kengash a'zosi Mirzatay Joldasbekov. – Agar kema dengizga kompassiz chiqsa, u yo‘lini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Jamiyatimiz adashib qolmasligi uchun, Qozog‘iston kompasda yurgan misoli belgilangan yo‘ldan aniq yurishi uchun milliy g‘oya kerak”.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari “Buyuk dasht mamlakati” g‘oyasi oddiy “kampaniyabozlik” bo‘lib qolmasdan, muayyan tizim asosida amalga oshirilishi lozimligi hamda mamlakat imijiga chuqur ta'sir o‘tkazishi lozimligi borasida bir fikrga keldilar.

Top