16:34 / 10.11.2015
2788

Yevrokomissiya: Turkiya islohot jarayonlarini sekinlashtirib yubordi va matbuot erkinligini buzdi

Turkiya islohot jarayonlarini sekinlashtirib yubordi va matbuot erkinligini buzdi. Bu haqda Yevrokomissiyaning Turkiyada YeIga kirish jarayonida erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan yillik hisobotida aytildi.

“O‘tgan yil davomida islohotlarni amalga oshirish jarayoni sekinlashdi”, - deyiladi hujjat matnida. Shuningdek, sud tizimi hamda korrupsiyaga qarshi kurash borasida erishilgan yutuqlar “cheklangan” deb baholandi.
Shuningdek, migratsion inqiroz boshlanganidan buyon birinchi marta Yevrokomissiya Turkiyada inson huquqlarini ta'minlash hamda matbuotni cheklash bilan muammolar borligi ochiq aytdi.

“Turkiya matbuot erkinligini himoya qilishda orqaga qadam tashladi, inson huquqlariga rioya qilishda ham salbiy tendensiyalar ko‘zga tashlanmoqda”, - deyiladi hisobotda.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya migratsiya masalasida Yevropaning asosiy sherigi hisoblanadi. Shu bois hisobotda Turkiya “Iroq va Suriya qochqinlariga beqiyos gumanitar yordam” ko‘rsatayotgani tan olindi.

Top