09:55 / 10.11.2015
3869

Facebook’ka yevropaliklarni kuzatishni bas qilishi uchun 48 soat vaqt berildi

Bryussel Fuqarolik sudi 9 noyabr kuni o‘z qarori bilan Facebook ijtimoiy tarmog‘iga 48 soat ichida foydalanuvchilarini kuzatish va ular ma'lumotlarini qayta ishlash amaliyotini to‘xtatish majburiyatini yukladi.

Le Soir gazetasining elektron namunasi xabariga ko‘ra, mazkur sud qarori bajarilmagan taqdirda, Facebook kechiktirilgan har bir kun uchun shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilish bo‘yicha Belgiya komissiyasiga 250 ming yevro miqdorida jarima to‘laydi.
2015 yilning iyun oyida Facebook tarmog‘iga nisbatan mazkur ayblov ilgari surilgan edi. Komissiya tomonidan olib borilgan maxsus tekshiruvlarda dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoqning foydalanuvchilar uchun yangi shartlarida shaxsiy hayot daxlsizligini himoyalash sohasida Belgiya va Yevropa qonunlariga zid bir qator bandlar mavjudligi aniqlangan.

Komissiya vakili Villem Debekelar avvalroq Facebook “sal o‘zgacha” foydalanuvchilarni kuzatib, ular ma'lumotlarini qayta ishlashini aytib o‘tgan edi.
Ayrim ekspertlarning aytishicha, Facebook sozlamalarda treking optsiyasi(menyu elementi)ni o‘chirib qo‘ygan yoki umuman shaxsiy profili bo‘lmaganlarni ham kuzatadi. Ya'ni, ijtimoiy plagin (dasturning funksional imkoniyatlarini oshirish uchun ishlatiladigan, dinamik tarzda ulanuvchi modul), umumiy qilib aytganda, boshqa internet saytlaridagi Like tugmachasidan foydalanganlar ham kuzatuv ostiga olinishi mumkin. Internetdagi faollik monitoringi kuki (cookies – foydalanuvchi brauzerini, veb-serverga tashrif buyurganda veb-server qo‘yib chiqadigan belgidan iborat ma'lumotlar. Foydalanuvchi keyin tashrif buyurganda, server bu yerda uning avval ham bo‘lganini biladi) orqali ham amalga oshiriladi. Ya'ni, Feysbuk kuki orqali tashrif buyuruvchini “tanib” oladi.

YeI qonunchiligiga ko‘ra, har qanday sayt foydalanuvchidan uning kompyuteriga cookies joylashtirish uchun ruxsat olishi shart.

Top