20:22 / 10.11.2015
4151

Noqonuniy tovarlar bojxonachilar tomonidan ushlab qolindi

2015 yilning 9 oyi davomida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda salkam 800 ta bojxona qoidabuzarligi aniqlanib, qiymati 6 mlrd. so‘mdan ortiq tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida olib ko‘yildi.

Jumladan, boshqarmaning “Toshkent-tovar” TIF bojxona posti xodimlari tomonidan Toshkent shahridagi “K.A.” korxonasi (maqolada tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari nomlari o‘zgartirilgan) tomonidan Xitoydan keltirilgan “Oshxona anjomlari” tovarlari unga tegishli yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlari hamda bojxona yuk deklaratsiyasi asosida bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida 114,5 mln. so‘mdan ortiq qiymatdagi salkam 30 turdagi tovar bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagani aniqlandi.

Shuningdek, mazkur bojxona postida “A.A.T.” mas'uliyati cheklangan jamiyati (MChJ) nomiga keltirilgan tovarlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida bojxona yuk deklaratsiyasida qayd etilmagan qiymati salkam 136,4 mln. so‘mlik turli xo‘jalik mollari tegishli hujjatlarsiz olib kirilganligi fosh qilindi.

“Arq-buloq” TIF bojxona posti xodimlari “N.M.C.”MChJ tomonidan tovarlarni noqonuiy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinishlarni fosh qilishdi. Mazkur korxona nomiga keltirilgan yuklar o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, qiymati 250 mln. so‘mlik salkam 50 turdagi “Avtomobil ehtiyot qismlari” bojxona yuk deklaratsiyasidan “tushib” qolganligi aniqlandi.

“Chuqursoy” TIF bojxona posti xodimlari poytaxtimizdagi “Q.G.L.” MChJ tomonidan keltirilgan yuklarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida bojxona yuk deklaratsiyasida qayd qilingan kimyoviy moddalardan tashqari tegishli hujjatlari bo‘lmagan qiymati 75 mln. so‘mlik 62 turdagi turli xalq iste'moli tovarlariga ham duch kelishdi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top