15:18 / 10.11.2015
5244

"Qo‘qon-1912" jamoasi sobiq bosh murabbiyi: "So‘g‘diyona" bilan o‘yinni "sotmagandik"

O‘tgan hafta "Qo‘qon-1912" klubi bosh murabbiyi Rustam Abdullayev o‘z vazifasidan ozod etilgandi.

Jamoa oliy liganing 29-turidan o‘rin olgan "So‘g‘diyona"ga qarshi bahsda 1:3 hisobida yutqazib qo‘ygach rahbariyat shunday qaror qabul qilgan.

"Futbol Ekspress" gazetasi muxbiri murabbiy bilan suhbat uyushtirdi.

"To‘g‘risini aytsam, "So‘g‘diyona"ga qarshi o‘yindan oldin har xil mish-mishlar ko‘payib ketdi. Bu narsa esa biz bilan uchrashuvda yuz berishini xohlamagandim. Chunki uchrashuvdan oldinoq ruhiy tomondan esankirab qolishgandi. Tashqi bosim ham kuchli bo‘ldi. Turli xil gap-so‘zlar oxir oqibat mana shunday holatga olib keldi. Ammo Qo‘qonda toza o‘yin bo‘ldi va jizzaxliklar bizni haqli ravishda yengishdi", - deydi Abdullayev.

U o‘z faoliyati davomida kelishilgan uchrashuvlarga taklif etilganini bildirgan.

"Murabbiy bo‘lib ishlayotgan paytimdan beri menga ham o‘zaro kelishishni taklif qilishgan. Aynan "So‘g‘diyona"ga qarshi o‘yin o‘yindan oldin ham "Iltimos, yordam beringlar" deb aloqaga chiqishgandi. Ammo men bu taklifni keskin ravishda, o‘ylab o‘tirmasdan rad qilgandim. Sizlardan faqat bitta narsani iltimos qilaman, xalqqa mening gaplarimni yetkazing: "So‘g‘diyona"ga qarshi o‘yin uchun meni ishdan bo‘shatishdi, lekin o‘yin halol o‘tdi. Ertaga yana murabbiylik ishimni davom ettirishim va yana oilamni boqishim kerak. Insonni nohaq qoralash esa mutlaqo noto‘g‘ri ish", deydi murabbiy.

U o‘ziga shunday taklif bilan aynan kim, "So‘g‘diyona" jamoasining qaysi vakili aloqaga chiqqaniga ochiqlik kiritmagan.

"Kimligini aytgim kelmayapti. Bari bir hamma joyda bu kabi holatlar bo‘lib turadi. Agarda men ham "So‘g‘diyona", "Buxoro" yoki "Dinamo"ning o‘rnida bo‘lganimda "Iltimos, yordam beringlar" deb murojaat qilishim mumkin edi. Ya'ni hamma narsani ishga solib bo‘lsa ham oliy ligada jon saqlab qolish harakatida bo‘lardim. Ammo biz muddatidan avval o‘z ishimizni bajarib bo‘ldik", deb javob bergan murabbiy jurnalistning shu xususdagi savoliga.

U o‘z jamoasi "So‘g‘diyona" bilan o‘yinda qing‘ir ishga qo‘l urmaganini ta'idlab aytgan va bu gapiga Qo‘qon xalqiga hamda jamoa rahbarlari ishonishini so‘ragan.

Top