20:52 / 11.11.2015
4067

Alibaba Bo‘ydoqlar kunining dastlabki 12 soatida 9 mlrd dollarlik tovar sotdi

Onlayn-savdo bilan shug‘ullanuvchi Alibaba kompaniyasi Xitoyda 11 noyabr – Bo‘ydoqlar kuni munosabati bilan mahsulotlarni onlayn tarzda arzon sotish e'lon qilingandan keyin 12 soat o‘tib Tmall platformasi orqali 9 mlrd dollarlik tovar sotdi va o‘tgan yildagi rekordini yangiladi. Bu haqda China Daily gazetasi ma'lum qildi.

Festival 11 noyabrda boshlandi va 24 soat davom etadi. Alibaba’ning dastlabki 12 daqiqadagi savdosi hajmi rekord darajadagi 1,57 mlrd dollarga yetdi. 2014 yilda kompaniya bunday ko‘rsatkichga 38 daqiqada erishgan edi.

Riteyler ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoyning sharqiy va janubiy qismidagi, ya'ni Guandun, Chjetszyan, Tszyansu viloyatlari hamda Shanxay va Pekin shahridagi xaridorlar eng ko‘p faollik ko‘rsatishdi.

Alibaba rahbari Jyek Maning aytishicha, Xitoyda hanuzgacha ulkan ichki iste'mol salohiyati mavjud. Uning aytishicha, kompaniya rejalarida bunday onlayn-shoping festivalini yana 100 yil davomida o‘tkazish rejasi bor. Joriy yilda savdolar 200 ta davlat va hududni qamrab oladi, tadbirda 5 mingdan ko‘proq xorijiy savdo markalari ishtirok etadi.

Bo‘ydoqlar kuni (Guanguntsze) Xitoyda har yili 11 noyabrda nishonlanadi (ushbu sana, ya'ni 11.11 – hali oila qurmaganlarni bildiruvchi 4 ta 1 dan iborat). So‘nggi yillarda Xitoyning ko‘plab savdo markazlari va onlayn-riteylerlari bu bayramda mahsulotlarni arzon narxlarda sotishni amalga oshirib kelishmoqda.

Top