16:40 / 11.11.2015
5201

Eron ozarbayjonlari TV orqali yangragan haqoratga javoban ko‘chalarga chiqishdi

Eronning shimoliy ostonlarida istiqomat qiluvchi etnik ozarbayjonlar ularga nisbatan TV orqali yangragan haqoratlarga javob tariqasida norozilik namoyishlari o‘tkazmoqda. Bu haqda AQShning The Washington Post nashri xabar berdi.

Aytilishicha, Eron davlat telekanallaridan biridagi Fitileh nomli bolalar dasturi chog‘ida ozarbayjon tili masxara qilingan. Bunga javoban dushanba kuni Tabrizda o‘n minglab odamlar norozilik aksiyalari uyushtirgan. Tartibsizliklar Urmu, Sulduz, Kum, Tehron shaharlariga ham ko‘chgan.

Eron davlat telekompaniyasi direktori Muhammad Sarafroz fuqarolar oldida uzr so‘rab, ko‘rsatuv boshlovchisini ishdan bo‘shatganligini ma'lum qildi. Shuningdek, u ko‘rsatuvni butunlay tugatishni yoqlab chiqdi.

Eron aholisining kamida 16 foizini (13 mln kishi) etnik ozarbayjonlar tashkil qiladi. Eronda ular turk deb ataladi. Fors millatchilarining ularga nisbatan agressiv so‘zlari va xatti-harakatlari tez-tez ikki tomon o‘rtasida keskin to‘qnashuvlarni keltirib chiqaradi. Eron ozarbayjonlari huquqlari poymol qilinayotganini ta'kidlab keladilar.

Top