15:21 / 11.11.2015
9326

O‘zbekistonda yiliga 15 turdagi 7 mln tonna sement ishlab chiqarilmoqda

O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo institutining “Strom” ilmiy-tadqiqot va sinov markazi rahbari, texnika fanlari doktori, professor Mastura Iskandarova bilan yangi turdagi qurilish materiallari qanday imkoniyatlar yaratayotgani xususida suhbatlashdi

"Markazimiz 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti huzurida tashkil etilgan. Prezidentimiz Islom Karimovning 2008 yil 15 iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, markazda mahalliy xomashyo resurslari va turli ishlab chiqarish chiqindilari asosida yuqori sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun resurs va energiya tejaydigan samarali texnologiyalar yaratish hamda ularni o‘zlashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy izlanishlar olib borilmoqda.

Markazdagi mavjud zamonaviy asbob-uskunalar sement, beton, gips, ohak, asbest, dolomit, bo‘r, tosh, sopol, silikat va xom g‘ishtni fizika-kimyoviy tahlil qilish hamda fizika-mexanik sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. Ayni paytda mutaxassislarimiz barcha turdagi xomashyo va qurilish materiallarini sinovdan o‘tkazish imkonini beradigan 76 nomdagi tadqiqot asbob-uskunalari, o‘lchov priborlaridan foydalanmoqda. Markazning yuqori malakali xodimlari qurilish materiallari va buyumlarini yaratish, tadqiq etish va sinovdan o‘tkazish sohasida katta ilmiy-amaliy tajribaga ega", deydi M.Iskandarova.

U bugungi kunda O‘zbekistonda portland sementning deyarli barcha turlari ishlab chiqarilayotganini, ayni paytda ushbu qurilish materialiga bo‘lgan talab muttasil oshayotgani va buning natijasida portland sement muhim strategik resursga aylanayotganini ta'kidlagan. Uning aytishicha, portland sementning xususiyatlari uni ishlab chiqarishda foydalaniladigan mineral qo‘shimchalar va to‘ldirgichlar bilan bog‘liq hisoblanadi.

"Mamlakatimiz sement zavodlarida har yili 15 turdagi 7 million tonnagacha sement ishlab chiqarilmoqda. Qurilish tarmog‘i va sanoatda umumiy maqsadlarda foydalaniladigan sement, neft va gaz quduqlarini sementlash uchun mo‘ljallangan tamponj sement, gidrotexnik inshootlar qurilishida qo‘llaniladigan sulfatga chidamli sement shular jumlasidan. Bundan tashqari, mamlakatimizda bezak ishlarida foydalaniladigan oq sement ham ishlab chiqarilayotir. O‘tgan yili Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida Jizzax sement zavodi foydalanishga topshirildi. Ushbu hududda sement tayyorlash uchun asosiy xomashyo – yuqori sifatli ohaktosh qatlamlarining mavjudligi ushbu zavod qurilishiga asos bo‘lib xizmat qildi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibida faoliyat yuritayotgan mazkur korxona yiliga 350 ming tonnagacha oq sement va 760 ming tonna portland sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zavodda ishlab chiqarilgan oq sementdan pardozlash ishlari va sun'iy marmar ishlab chiqarishda foydalanish mumkin. Ta'kidlash joizki, oq sementning 70 foizini eksport qilish rejalashtirilmoqda", deydi M.Iskandarova.

"Ayni paytda “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati yurtimizda sement ishlab chiqaradigan yetakchi korxona hisoblanadi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sementning yarmi ushbu korxona hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yiliga qariyb 3,5 million tonnani tashkil qiladi. Bundan tashqari, “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyatida yiliga 1,7 million tonnagacha, “Quvasoysement” aksiyadorlik jamiyatida 1 million tonnadan ortiq va “Bekobodsement” aksiyadorlik jamiyatida 1 million tonnaga yaqin sement ishlab chiqarilayotir. Ushbu korxonalar har yili yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish hisobidan ishlab chiqarish quvvatlarini oshirmoqda.

Ayni paytda turli viloyatlarda yirik va kichik sement zavodlari barpo etilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida ikkita yirik sement zavodi qurilishi boshlandi. Ushbu korxonalarda yiliga birgalikda ikki million tonnagacha sifatli portland sement ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Kichik sement zavodlari qurilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda Andijon va Farg‘ona viloyatlarida shunday zavodlar faoliyat yuritmoqda. Jizzax viloyati Zomin tumanida barpo etilgan mini-zavod ham yaqinda ishga tushiriladi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida yiliga 500 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega mini-sement zavodi qurilishi jadal davom ettirilmoqda", deydi u.

Top