14:23 / 11.11.2015
7449

Qo‘rg‘ontepa “Muruvvat” nogiron bolalar uchun internat uyida yangi yotoqxona foydalanishga topshirildi

2014 - 2015 yillarga mo‘ljallangan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturiga muvofiq, Qo‘rg‘ontepa “Muruvvat” nogiron bolalar uchun internat uyida 180 o‘rinli yangi bolalar yotoqxonasini qurish rejalashtirilgan edi.

2015 yil 10 noyabr holatiga bino qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, binoning umumiy maydoni 2325 m2 bo‘lib, uning old tomonidan dam olish o‘rindiqlari, zamonaviy yoritgichlar o‘rnatilgan hamda obodonlashtirish ishlari doirasida archa, mevali daraxtlar va manzarali gullar ekilgan.

Bino ikki qavatdan iborat. Unda jami 80 ta xona bo‘lib, shundan birinchi qavatda 23 ta yotoq, 16ta yordamchi, bitta sensorik mashg‘ulotlar xonasi, bitta gimnastika zali, 4ta sanuzel xonalari joylashgan. Ularning har birida alohida hojatxona, dush va vannaxonalar mavjud. Bundan tashqari, 2- qavatga ko‘tarilish uchun 3ta zina yo‘lagi va 1ta lift o‘rnatilgan. 2- qavatda esa 23ta yotoq, 8ta yordamchi va 4ta sanuzel xonasi bo‘lib, ushbu xonalarda ham alohida hojatxona, dush va vannaxonalar mavjud.

Nogironlarni yo‘laklarda yurishi uchun ham alohida sharoitlar yaratilgan bo‘lib, yo‘lakning har ikki tarafiga maxsus ushlab yurish uchun tayanch moslamalari o‘rnatilgan. Xonalarga aravachalar kirib chiqish uchun moslashtirilgan. Har bir bo‘limda alohida yong‘in xavfsizligi burchagi tashkil qilingan. Bundan tashqari, binoning ichki qismiga va yotoqxonalariga yong‘indan ogohlantiruvchi moslamalar va videokuzatuv o‘rnatilgan.

Top