11:05 / 12.11.2015
4337

2 hafta oldin yo‘qolib qolgan qirg‘izistonlik internet-klubdan topildi

13 kun oldin, 29 oktabr kuni uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan qirg‘izistonlik bu vaqt davomida internet-klubda qolib, "Dota" o‘yini o‘ynash bilan mashg‘ul bo‘lgan. Bu haqda Bishkek IIV ma'lumotiga asosan Sputnik Kyrgyzstan muxbiri xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, Bishkek militsiyasi 29 oktabr kuni 28 yoshli Chingiz Chinaliyevga qidiruv e'lon qilgandi. Xabarda aytilishicha, u 13 kunni shahardagi internet-klubda o‘tkazgan.

"Har safar u bilan akasi shu xususda "tarbiyaviy suhbat" o‘tkazadi. Aka ukasining bu odatini tashlashi uchun kuch ishlatishgacha ham borgan, lekin bundan foyda bo‘lmagan. Uka har safar va'da beradi, lekin bajarmaydi", deyiladi xabarda.

Ushbu yigit uylangan, bir o‘g‘il farzandi bor. Kasbi haydovchilik.

Militsiyaning ma'lum qilishicha, Chingiz Chinaliyev bilan bunday holat ilk bor sodir bo‘lmayapti. U bir necha kunlab internet-klubda qolib ketishi bir necha marta kuzatilgan.

U oxirgi marta uzoq vaqt yo‘qolib qolganida, ota-ona o‘z farzandining Qozog‘istonga kompyuter o‘yinlari chempionatida ishtirok etish uchun ketganini taxmin qilgandi.

Top