17:08 / 12.11.2015
2959

Afg‘oniston JSTga a'zo bo‘lish shartlari va muddati bo‘yicha kelishuvga erishdi

11 noyabr kuni Afg‘oniston Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish uchun navbatdagi qadamni tashladi. Reyter nashri xabariga ko‘ra, bu haqda 161 mamlakatdan iborat tashkilotning navbatdagi majlisida ma'lum qilingan.

2016 yilning 30 iyuniga qadar Afg‘oniston tashkilot a'zosi sifatida ratifikatsiya qilinishi, shundan keyingi 1 oy ichida esa rasman JST a'zosiga aylanishi mumkinligi aytilgan.

Mamlakat savdo vaziri keyingi oyda Nayrobida o‘tkaziladigan navbatdagi yig‘ilishda ishtirok etib, tegishli hujjatlarni taqdim etishi talab qilinadi.

Bundan oldinroq, JSTga a'zo bo‘lish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilgan Qozog‘iston va Liberiyaga qo‘shilib Afg‘oniston keyingi yilda tashkilot a'zosiga aylanishi va tashkilot a'zolari soni 161tadan 164tagacha ortishi kutiladi.

JST – jahon savdo sohasida nazorat qilish vazifalarini amalga oshiruvchi yagona xalqaro tashkilotdir. Tashkilotning asosiy maqsadi savdo sohasini yanada liberallashtirish va maqbul raqobat sharoitlarini ta'minlashdan iborat. Tashkilotga 1995 yilning 1 yanvarida asos solingan, bosh ofisi Jyeneva shahrida joylashgan.

Ochiq savdolarga qiziqish bildirib kelgan Qirg‘iziston va Tojikiston mazkur xalqaro tashkilotga allaqachon a'zo bo‘lgan.

Top