09:07 / 12.11.2015
2198

Buxarestdagi yong‘in tufayli qurbon bo‘lganlar soni 51 nafarga yetdi

Ruminiya poytaxti Buxarest markazidagi mashhur tungi klublardan birida 31 oktabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan yong‘in natijasida qurbon bo‘lganlar soni 51 kishini tashkil etmoqda. Bu haqda Associated Press xabar qildi.

Yong‘in ro‘y berganda voqea joyida 26 kishi halok bo‘lgandi. 150 nafardan ortiq kishi shifoxonalarga yetkazilgan, hozirgacha ulardan 23 nafarining hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan. Jarohatlanganlarning 30 nafardan ortig‘i Buyuk Britaniya, Isroil va Niderlendiya kabi mamlakatlarga davolanish uchun yuborilgandi.

11 noyabr kuni Buyuk Britaniyaga olib borilganlardan 2 nafari jon bergan. Brumfild shifoxonasida 19 yoshli Vladuta Roberto Endining, Liverpuldagi shifoxonada esa 18 yoshli Elen Nituning o‘limi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 30 oktabrda binoning yerto‘lasida joylashgan tungi klubda bepul rok-konsert o‘tayotgan bo‘lganida yong‘in chiqqandi. Kontsertga 400 nafarga yaqin yoshlar yig‘ilgan. Pirotexnik shou vaqtida shiftdagi penoplastdan yasalgan bezak elementlari yonib ketgan. So‘ngra portlash yuz bergan. Guvohlarning aytishicha, ko‘pchilik sarosimada yagona chiqishga otilgan va u yerda tiqilinch yuz bergan. Ma'lum qilinishicha, ko‘pchilik nafas siqishdan halok bo‘lgan. Ruminiya OAVlarining ma'lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida xorijliklar ham bo‘lgan.

Bu hodisadan keyin Ruminiyada norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.

Bu yong‘in jabrlanuvchilariga yordam ko‘rsatish ishlarida NATO tomonidan ham ko‘mak berilmoqda.

Top