20:58 / 12.11.2015
9013

Samvel Babayan jurnalistlarni terma jamoa o‘yinini tanqid qilmaslikka chaqirdi

O‘zbekiston - KXDR uchrashuvidan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etdi va jurnalistlarning savollariga javob berdi.

"Ilk daqiqalardanoq gol o‘tkazib yuborib, qiyin ahvolga tushib qolgandik. Ammo yigitlarga rahmat aytaman. Ular irodali g‘alabani qo‘lga kiritishdi. KXDRning falsafasini o‘rganib chiqdik. O‘yindan oldin shogirdlarimga "Kelinglar, biz o‘z falsafamizni ko‘rsataylik deb reja qilgandik. Ular barchasi uddalashdi", - deydi Babayan.

- Syurprizlardan biri tezkor paslar bo‘ldi...
- Tezkor gol o‘tkazilgach, vaziyat og‘irlashdi. Ammo paslar va tezkor qarshi hujumlar natijasida gollar urdik. Ularning eng asosiy o‘yinchisi bu 9-raqamli futbolchi edi. U maydonni tark etgach, KXDR deyarli imkoniyatga ega bo‘lmadi.

- O‘yindan oldin siz "yashirin qurolimiz" bor deb aytgandingiz. Bu nima edi?
- Asosiy qurolimiz o‘zimizning yangi uslubimiz hisoblanadi. Biz mana shu yangi uslub ustida ishlashda davom etayapmiz. Bugun hujumda yaxshi o‘ynay olmadik? Biz 3ta gol urdik, agar barcha vaziyatlardan foydalana olganimizda hisob sharmandali bo‘lardi.

- Islom To‘xtaxo‘jayev o‘z klubida markaziy himoyada o‘ynaydi, nima uchun uni o‘ng qanotda o‘ynatayapsiz? Bugun bir necha marta qanotda raqibni o‘tkazib yubordi.
- To‘xtaxo‘jayev bir marta raqibni o‘tkazib yubordi. Qolgan hech bir vaziyatda xatoga yo‘l qo‘ygani yo‘q. U terma jamoaning hozirgi uslubiga mos tushmoqda. Shu bois uni maydonga tushirayapman.

- Muxlislar tashrifi haqida nima deya olasiz?
- Avvalo, stadionga kelib bizni qo‘llab turgan barcha muxlislarga rahmat aytaman. Bugun yomg‘ir yog‘ishi kutilgandi. Shunga qaramay kelib, stadionni to‘ldirib o‘tirishgani uchun muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Bu yigitlarga qo‘shimcha kuch bag‘ishladi. G‘alabada ularning hissasi juda katta bo‘ldi.

- Markaziy himoyachilarga qanday baho berasiz?
- Ular ayni paytda O‘zbekistonning eng kuchli markaziy himoyachilari hisoblanishadi. Anzur bir necha yillardan buyon termaning asosiy futbolchisi hisoblanadi. Krimets esa asta sekin terma jamoaning haqiqiy qo‘rg‘oniga aylanib bormoqda.

- Oldingi uchta o‘yinda O‘zbekiston birinchi bo‘lib gol urgandi. Bugun esa birinchi bo‘lib gol o‘tkazdi. Qaysi jamoa sizga yoqdi? Hisobda ortda qolayotganmi yoki birinchi gol urganmi?
- Har bir g‘alaba juda qiyinchilik bilan qo‘lga kiritildi. Hisobda ortda qolganda yigitlar ikki karra kuch bilan o‘ynashi kerak bo‘ldi.

- So‘nggi so‘z o‘rnida jurnalistlarga murojaat qilmoqchiman. Jamoamiz ketma-ket 4ta o‘yinda g‘alaba qozondi. Lekin shunday bo‘lsa ham orangizda jamoani, futbolchilarni tanqid qilganlar bo‘lmoqda. Ular juda kamchilikni tashkil qiladi. To‘g‘ri tanqid bo‘lsa buni qabul qilaman, lekin jamoani asossiz tanqid qilinsa bu to‘g‘ri bo‘lmaydi. Barchani g‘alaba bilan tabriklab qolaman, - deydi Samvel Babayan.

Top