15:04 / 13.11.2015
4646

Elektron hukumat to‘g‘risidagi Qonun loyihasi birinchi o‘qishda tasdiqlandi

11 noyabr kuni Parlament quyi palatasi a'zolari “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmatining xabar qilishicha, uning qabul qilinishi “elektron hukumat” tizimini joriy etishning asosiy yo‘nalishlarini aniq belgilashga,

axborot texnologiyalaridan davlat organlari faoliyatida fuqarolar, tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda foydalanishni kengaytirishga, davlat boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligi, shaffofligi va ochiqligi darajasini oshirishga ko‘maklashadi.
“Qonunning qabul qilinishi aholi va tadbirkorlik sub'yektlari orasida eng zarur elektron davlat xizmatlarini tatbiq etish va amalga oshirishga, davlat xizmatlarini sifatli ko‘rsatish va davlat organlarining birxillashtirilgan idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikka to‘laqonli o‘tish uchun axborot tizimlari komplekslari va elektron hukumat ma'lumotlar bazalari uyg‘unlashuviga sharoit yaratadi,

– dedi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a'zosi Erkin Xalbutayev. – Qonun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari salohiyatidan foydalanish hisobiga davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida ochiq, konstruktiv muhit yaratishga, ular o‘rtasida samarali sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgandir”.

“Qonun loyihasi tayyorlashning bosqichida ekspertlar doirasida keng muhokama qilindi, milliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida bir qator tadbirlar o‘tkazildi, – deydi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a'zosi Shuxrat Sharafutdinov. – Unda xalqaro qonunchilikning kontseptual jihatlari va elektron hukumat tizimlarini rivojlantirishda sezilarli natijalarga erishgan AQSh, Germaniya, Avstriya, Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasi hisobga olingan”.

Top