17:45 / 14.11.2015
15568

Parij qon ichida: "Bataklan" teatridan qochib chiqqanlar najot izlashmoqda (Video)

«Le Mond» gazetasi jurnalisti Daniel Psenni Parij terakti bilan bog‘liq shov-shuvli hodisalarni tasvirga oldi.

U fojia yuz bergan vaqtda "Bataklan" teatriga yondosh binoda bo‘lgan. U yuqori qavatda turib, xona derazasi orqali ko‘chalardan o‘tayotgan, jangarilar tomonidan garovga olingan teatrdan qochib chiqqan kishilarni tasvirga olgan.

Tasvirdan ko‘rinadiki, terrorchilar o‘qidan tirik qolgan parijliklar qonga belangan holda navbatdagi hujumdan qo‘rqib qochishmoqda. Ba'zilar esa halok bo‘lgan do‘stlarini o‘zlari bilan olib ketishga urinishadi, ba'zilar ko‘chadagi binolar tomlariga chiqib olishga harakat qilishadi. Shuningdek, bir qancha kishi teatrdan chiqib, yo‘lda yiqilgani va jon bergani ko‘rinadi.

Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr oqshomida Parijda davomli teraktlar sodir etildi.

Terrorchilar avvaliga Fransiya va Germaniya o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tayotgan «Stad de Frans» stadioni yaqinida portlash sodir etdi. Shundan so‘ng, Sena daryosi bo‘yidagi bir qator restoranlarda xo‘randalarga qarata o‘t ochildi.

Eng halokatli voqealar esa "Batlakan" teatrida yuz berdi. Kontsert vaqtida binoga kirib kelgan jangarilar 4 tomonga o‘t sochib, yuz nafarga yaqin kishini otib tashlab, ko‘plab kishilarga jarohat yetkazishdi.

So‘nggi rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, teraktlar oqibatida 128 kishi halok bo‘lgan, 200 ga yaqin odam tan jarohati olgan.

OAVlarda esa halok bo‘lganlar soni 153 nafar, jarohatlanganlar 250 nafarligi aytilmoqda.

Top