15:01 / 14.11.2015
4367

Parijdagi terakt: Jarohatlanganlar soni 250 nafarni tashkil etmoqda

Parij shahrida 13 noyabr oqshomida sodir etilgan davomli teraktlar tufayli jarohat olib, shifoxonalarga yotqizilganlar soni 250 nafarga yetdi. Bu haqda prokuraturadagi manbasiga asoslangan holda, Frans Press nashri xabar tarqatgan.

Bundan oldingi xabarlarda, rasmiy manbalar qurbon bo‘lganlar soni 128 nafar, jarohatlanganlar esa 180 nafarligini ma'lum qilgandi. Jarohatlanganlarning 99 nafari og‘ir ahvolda ekani aytilgan.

Kecha Fransiya tarixidagi eng katta terakt sodir bo‘ldi. Fransiya Prezidenti favqulodda vaziyat e'lon qildi, davlat chegaralari yopildi.

Parijdagi “Bataklan” teatrini bosib olish vaqtida garovdagi odamlarning 100 ga yaqini o‘ldirilgan, qolganlari esa poytaxtning boshqa rayonlaridagi teraktlarda vafot etgan.

Dastlab noma'lum kishilar Parijning 10-okrugidagi restoranlaridan birida otishma boshlashgan. So‘ngra amerikalik rok guruhi konsert berayotgan “Bataklan” teatrida 100 ga yaqin kishi garovga olingani to‘g‘risida xabar tarqaldi.

Bundan tashqari, Fransiya va Germaniya o‘rtasida futbol bo‘yicha o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘layotgan “Stad de Frans” stadioni yaqinida granatalar portlatilgan, bu vaqtda mamlakat prezidenti Fransua Olland ham stadionda edi.

Keyinchalik Sena daryosining o‘ng qirg‘og‘idagi Parij ko‘chalaridagi restoranlarga tashrif buyurganlarga qarata o‘q uzishlar sodir etilganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Hokimiyat parijliklarga darhol uylariga qaytishni buyurdi. Parij shifoxonalari favqulodda ishlash holatiga keltirilgan.

Fransiya ta'lim vazirligi poytaxt hududidagi shanba kuni bo‘ladigan maktab va universitetlardagi barcha mashg‘ulotlarni, shuningdek maktab sayohatlari va ekskursiyalarni bekor qildi.

Terrorchilik harakatlari uchun javobgarlikni “Islom davlati” terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga oldi.

Top