18:17 / 14.11.2015
7535

Putin Islom Karimovga o‘zaro ittifoq shartnomasi tuzilganining 10 yilligi munosabati bilan tabrik telegrammasi jo‘natdi

14 noyabrda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ittifoq shartnomasi imzolanganiga 10 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston rahbari Islom Karimovga tabrik telegarmmasi jo‘natdi. Bu telegramma Kremlin.ru saytiga joylashtirilgan.

Putin o‘z tabrigida ittifoq shartnomasi ikki davlatning turli sohalardagi o‘zaro hamkorligi rivojlanishida muhim hujjat hisoblanishini ta'kidlagan.

"Bu hujjat Rossiya-O‘zbekiston munosabatlari rivojlanishida muhim burilish nuqtasi sifatida xizmat qilgan. Ushbu shartnoma orqali davlatlarimiz turli yo‘nalishlarda, xususan mintaqaviy va xalqaro masalalarda mustahkam hamkorlik sharoitlari yaratilgan", deyiladi xabarda.

Rossiya prezidenti ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlar kelgusida mustahkamlanishda davom etishi va Markaziy Osiyodagi tinchlik hamda barqarorlik ta'minlanishiga ishonch bildirgan.

Qayd etish kerakki, Rossiya ayni paytda O‘zbekistonning asosiy savdo hamkoridir, bu borada uning ulushi 27 foizni tashkil qiladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, Rossiyaning MDH hududidagi asosiy iqtisodiy sheriklaridan biri bo‘lib, Belarus, Qozog‘iston va Ukrainadan keyingi o‘rinni egallaydi. O‘tgan yili tovar aylanmasining umumiy hajmi 4 mlrd dollarni tashkil qildi. Ammo joriy yilning dastlabki to‘rt oyida o‘zaro savdo hajmi 29 foizga tushib ketdi.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 900ga yaqin kompaniya Rossiya kapitaliga ega. Rossiyada esa 489 qo‘shma korxona va firmalar tashkil qilingan. O‘zbekistondagi eng yirik investorlar qatoriga “LUKOyl”, “Vimpelkom”, “Yevrosement Grupp” va “Gazprom” kiradi.

Top