19:58 / 14.11.2015
6154

Toshkentda “Spays” sun'iy giyohvand vositasi savdogarlari qo‘lga tushirildi

Toshkentda “Spays” sun'iy giyohvand vositasi savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoyatchilar guruhi qo‘lga tushirildi. Bu haqda “Darakchi” nashri yozmoqda.

Aytilishicha, dastlab to‘da a'zosi, Toshkent viloyatida tug‘ilgan 39 yoshli Sunnatulla Abdirayimov qo‘lga olingan. U Toshkent shahrida “Spays” va marixuana sotayotgan paytda jinoyat ustida qo‘lga tushgan. Abdirayimov nashani Sherzod Dolgix degan odamdan olganini aytgan. Shu tariqa, qo‘lga olingan jinoyatchilar soni 2 nafarga yetgan.
Tergov natijasida kalavaning bir uchi Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan Bahriddin Karimovga borib taqalgan. Ma'lum bo‘lishicha, Dolgixdan musodara qilingan modda ham aslida Bahriddinovdan olingan ekan.

To‘daning yana bir a'zosi, 36 yoshli Farhod Mirsaidov ham Toshkentda 300 ming so‘mlik “mol” sotayotganida qo‘lga olindi. Uning ketidan guvohliklar asosida Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 33 yoshli O. Ziyayev ham huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga tushirildi.

Tergov davomida poytaxtda oliygohlardan birining 25 yoshli talabasi, guruhda vositachi rolini o‘ynagan Denis Tokarev ham qo‘lga olindi. Uning izidan Respublika Olimpiya zaxiralari maktabi tennis murabbiyi Farrux Obidov ham 50 gr “Spays” moddasini “Samarqanda darvoza” savdo majmuasi avtoturargohida ming dollarga sotishga urinayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.

31 yoshl F. Obidovning uyi va mashinasini tintish chog‘ida 80 gr “Spays”, marixuana urug‘ hamda narkotiklar tayyorlash va chekish uchun ishlatiladigan moslamalar topilgan.
Shu tariqa, giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi butun boshli tarmoq fosh qilindi. Jinoyatchilar 3 yildan 11 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi.

Top