14:58 / 15.11.2015
15022

“Baxt ortidagi dard”. Sharof va Sevinch filmda juftlik hosil qilishdi

11 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi kinoteatrda yangi “Baxt ortidagi dard” filmining premerasi bo‘lib o‘tdi. Garchi film 11 sentabr kuni kino ishqibozlariga taqdim etilishi anons qilingan bo‘lsa ham, uning tayyor bo‘lishi bizga noma'lum sabablarga ko‘ra ikki oyga kechikib ketdi.

Film ko‘p jihatdan tanqidchilar va muxlislar diqqatini o‘ziga jalb qilgan edi. Avvalambor, bu yosh ijodkor Shuhrat Mavlonovning birinchi rejissyorlik ishi bo‘ldi. Bundan tashqari, xonandalar Sharof Muqimov va Sevinch Mo‘minovalar ilk bor bir filmda bosh rollarni ijro etdi. Bir necha yil muqaddam turmush qurgan xonandalarga bu vazifaning uddasidan chiqish qiyin bo‘lmadi nazarimda – ular o‘rtasidagi munosabatlar katta ekranda ham muhabbatni aks ettirishga yordam bergan bo‘lsa ajabmas.

Kinoteatr oldida ko‘plab mashhur san'atkorlarning to‘planishi tashrif buyurgan tomoshabinlarga chinakam topilma bo‘ldi. Har qadamda fotoapparat olovlari yonar, yoshlar taniqli aktyorlar bilan selfi tushar edi.
Ichkariga taklif qilindik. Tashkilotchilar kinozalning to‘lishini sabr bilan kutib turishdi. Nihoyat, 2 ming juft ko‘z sahnaga qadaldi.

Tashkilotchilar ko‘zdan qochirdimi, yoki boshlovchi Ahad Qayumning aybimi, taqdimot chog‘ida sodir bo‘lgan bir vaziyat g‘alati tuyuldi: sahnaga kechaning asosiy yulduzlari bo‘lmish Sharof va Sevinch taklif qilinib, filmda rol ijro etgan ko‘zga ko‘ringan aktyorlar-u, boshqa ijodkorlar zal chetidagi yo‘lakda ancha kutib qolishdi. Ular sahnaga taklif qilingach, ustoz san'atkor Lutfulla Sa'dullayev vaziyatni birmuncha yumshatib, hazil-huzul gaplari bilan tomoshabinlarning ko‘nglini ko‘tardi.

Shuhrat Mavlonov to‘planganlarga minnatdorchilik bildirib, ijodkorlarni birma-bir tanishtirdi. So‘zining yakunida rejissyor, filmning mukammal emasligini yaxshi anglagan holda, mavjud kamchiliklar uchun oldindan uzr so‘radi hamda bu uning birinchi ishi ekanligini inobatga olishni so‘radi.

Kartina namoyishini yana biroz kutishga to‘g‘ri keldi. Sharof va Sevinch film saund-trekini sahnada ijro etishdi. Nihoyat, chiroqlar o‘chdi.
Film bosh qahramonning qamoqdan ozod qilinishidan boshlanadi. Yo‘lida uchragan birinchi mashinaga o‘tirib, Toshkentga yo‘l olgan yigit horg‘in bir ahvolda ko‘zlarini yumadi. Ekranda 3 yil ilgarigi voqealar jonlanadi. Qahramon o‘z sevgisi qissasini esga oladi...

Bir qarashda film O‘zbekistonda ko‘plab suratga olinayotgan muhabbat mavzusidagi kartinalardan deyarli farq qilmaydi. Tanish sahnalar, kutilgan obrazlar (bosh qahramonlarning ota-onasi, universitet o‘qituvchilari ham o‘zlarini tamoman kutilganiday tutadi). Lekin film oxiriga yaqinroq syujyetda kutilmagan burilish sodir bo‘ldi va tomoshabinlarni ma'lum ma'noda taajjubga soldi. Bu burilish nimadan iborat ekanligini ayta olmaymiz.

Videotasmaning boshqa o‘ziga xosliklari ko‘zga tashlanmadi.
Ijobiy holatlardan yana biri an'anaviy bo‘lib qolgan xeppi-endning yo‘qligidir. Sevgi qissasining yaxshilik bilan tugashi yomon emas, albatta, lekin xilma-xillik muvaffaqiyat garovidir.

Bundan tashqari, komik aktyor Sanjar Shodiyev jiddiy roli bilan hayron qoldirdi. Odatda uning qiyofasi ekranda ko‘rinishi bilan tomoshabinlar yuziga tabassum yuguradi. Lekin bu safar aktyor hech kimni kuldirmaydi.
Yana bir qiziqarli, ikkinchi darajali, lekin muhim rolni Ubaydulla Omon ijro etdi. Umuman, keyingi yillar bu aktyor Hollivud yulduzi Morgan Frimenning ampluasiga kirib qolayotganini ta'kidlab o‘tishimiz kerak.

Sodda, o‘ziga yarasha ushbu filmdan tomoshabinlar o‘zlariga biror yaxshi xulosa chiqarishdi, shekilli, uning yakunidan so‘ng kinozaldan chiqib ketayotganlar orasida bir qancha ijobiy fikrlar eshitdik. Shu bois filmning kamchiliklariga urg‘u bermay, yosh rejissyorni birinchi filmi bilan tabriklagimiz hamda unga muvaffaqiyat tilagimiz keldi.

Muallif: Eldor Asanov

Top