19:49 / 15.11.2015
6991

Fransiya va Germaniya termalari o‘yini vaqtida murabbiylar futbolchilardan terakt haqidagi xabarni yashirishgan

13 noyabr oqshomida Fransiya va Germaniya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida "Stad de Frans" stadioni tashqarisida portlashlar sodir bo‘lgani haqida terma jamoalarning murabbiylari tanaffusga qadar bilishgan. The New York Times nashrida yozilishicha, murabbiylar o‘z bilganlari haqida futbolchilarga tanaffus vaqtida hech narsa aytmaslikka qaror qilishgan.

Ushbu o‘yin stadionga tashrif buyurgan 80 ming muxlisni xavotirga qo‘ymaslik uchun to‘xtatilmasligi haqida qaror qabul qilingach, futbolchilarga ham hech narsa aytilmagan. O‘yin mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagan.

Keyinroq ushbu o‘yinda qatnashgan futbolchilardan biri fransiyaliklar yarim himoyachisi Lassana Diarraning amakivachchasi ham terakt qurboniga aylangani ma'lum bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr oqshomida Parijda davomli teraktlar sodir etildi.

Terrorchilar avvaliga Fransiya va Germaniya o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tayotgan «Stad de Frans» stadioni yaqinida portlash sodir etdi. Shundan so‘ng, Sena daryosi bo‘yidagi bir qator restoranlarda xo‘randalarga qarata o‘t ochildi.

Eng asoratli voqealar esa "Batlakan" teatrida yuz berdi. Kontsert vaqtida binoga kirib kelgan jangarilar 4 tomonga o‘t sochib, yuz nafarga yaqin kishini otib tashlab, ko‘plab kishilarga jarohat yetkazishdi.

So‘nggi rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, teraktlar oqibatida 129 kishi halok bo‘lgan, 352 nafarga yaqin odam tan jarohati olgan. Jarohatlanib shifoxonaga yotqizilganlarning 99 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Parijdagi teraktlarda 12 mamlakat fuqarolari halok bo‘lgani bildirilmoqda. Ayni paytda Jazoir, Belgiya, Buyuk Britaniya, Chili, Marokash, Portugaliya, Ruminiya, Ispaniya, Shvetsiya, Tunis, AQSh va Fransiya fuqarolari mazkur fojia qurboni bo‘lgani aytilgan.

Top