15:51 / 16.11.2015
4584

“MIGRANT” mobil dasturidan foydalanayotgan soni 7 ming nafardan oshdi

2015 yilning sentabr oyida Moskva shahridagi O‘zbek milliy – madaniy avtonomiyasi va “LeksMobayl” yuridik firmasi hamkorlikda yangi ijtimoiy loyiha – “MIGRANT” mobil dasturi ishga tushirilgan edi.

Hozirgi paytda dastur foydalanuvchilari Rossiyaga kirish uchun ta'qiq bor-yo‘qligini aniqlash, patent va ishga ruxsatnomaning haqiqiy ekanini tekshirishlari mumkin. Mazkur xizmat Rossiya va undan tashqarida mehnat qilayotgan mehnat muhojirlariga rus, o‘zbek va tojik tillarida xizmat ko‘rsatadi. Shu kungacha dasturdan foydalanayotganlar soni 7000 dan oshib ketdi.

“MIGRANT” dasturi mehnat muhojirlarining huquqiy xabardorligini va savodxonligini oshirishi e'tirof etilmoqda. Shuningdek, dastur mehnat muhojirlari uchun oddiy yagona interfeys orqali ijro hokimiyatiga qarashli turli organlar ko‘rsatayotgan xizmatlardan foydalanishga imkon beradi.

“LeksMobayl” xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, dasturga foydalanuvchilar ehtiyoj va talablaridan kelib chiqqan holda ko‘pgina foydali va qiziqarli qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilgan. Mobil dasturi orqali yaqin kelajakda Federal soliq xizmati saytiga kirmasdan patent uchun to‘lov kvitansiyasini shakllashtirish, to‘lov o‘tkazish, shaxsiy INN ni aniqlash va boshqa ishlarni amalga oshirish mumkin. Dasturga “eslatish” funksiyasini kiritilgach, u muhojirni qachon patent uchun to‘lov o‘tkazishi lozimligi, registratsiya muddati qachon tugashi va mamlakatni tark etishi zarurligi haqida o‘z vaqtida ogohlantirib boradi.

Dastur Android va IOS platformalarida ishlaydi. Uni ko‘chirib olmoqchi bo‘lganlar “Play Market” yoki “App Store” mobil dasturlar do‘konlaridan “Migrant” yoki “Migrant” so‘zlarini kiritib topishlari mumkin.

Top