19:19 / 16.11.2015
9755

Britaniyalik jurnalist nega Facebook’dagi akkauntiga Fransiya bayrog‘ini qo‘ymasligini tushuntirdi

13 noyabr kuni Fransiya poytaxtining 7 joyida 3 soat ichida bir qancha qo‘poruvchilik harakatlari sodir bo‘ldi. Bu teraktlar butun dunyo ahlini larzaga soldi. Jamoatchilik vakillari va turli tashkilotlar rang-barang yo‘llar bilan o‘z ta'ziyalarini bildirmoqda. Lekin Facebook ijtimoiy tarmog‘i tanlagan yo‘l ko‘pchilikning taajjubiga sabab bo‘ldi: tarmoq rahbariyati barcha foydalanuvchilarga o‘z avatarini Fransiya trikolori ranglariga bo‘yashi imkoniyatini taqdim qildi.

Albatta, og‘ir kunlarni boshdan Fransiyani bunday yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlash yomon emas, ammo bir kun oldin Bayrutda sodir bo‘lgan qo‘poruvchilik harakatlari, qo‘yingki, uzoq yillardan buyon Suriya, Livan, Iroq, Turkiya, Liviya, Afg‘oniston va boshqa davlatlarda sodir bo‘layotgan dahshatli qotillik va vayronagarchiliklarga ijtimoiy tarmoq mutasaddilari deyarli hech qanday e'tibor qaratmayotgani ularning “oq inson ustunligi” kompleksida ayblanishiga zamin bo‘lmoqda.

Bu boradagi muhokamalar oxir-ketini bilmayapti. Bir tomondan, Facebook’ning qaroriga qarshi chiqish ham jabrdiyda Fransiya xalqiga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi. Boshqa tomondan, dunyoning boshqa qismlarida istiqomat qilayotgan va azob tortayotgan xalqlarga nisbatan adolatsizlik qilinganidek...

Bu masalada yakuniy qarorga kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Jamoatchilik orasida muhokamaning bo‘lgani ma'qul, lekin masala oliy darajada, metodik va tinch-sokin muzokaralarda hal qilinishi, barchani qoniqtiradigan murosa yo‘li tanlanishi lozim deb hisoblaymiz.

Quyida esa bir yoqlamalikdan, qisman bo‘lsa-da, qochish maqsadida, bu muammoga G‘arb insonining nuqtai nazarini keltiramiz. Britaniyalik jurnalist Sara Yuyenning ustunligi shundaki, u, G‘arbda tug‘ilib o‘sgan bo‘lishiga qaramay, anchadan buyon Sharqda – Tailandda istiqomat qilib kelmoqda. Shu bois u ikki tomonning fikrlari bilan yaxshi tanishdir.
Albatta, uning fikrlari ham bahslidir, kimdir qo‘shiladi, kimdir qo‘shilmaydi. Zero dunyo fikrlar rang-barangligi bilan go‘zaldir. Nima bo‘lganda ham, biz uning butun dunyoni birlashtirish va urushlarni to‘xtatish borasidagi chaqiriqlariga to‘laligicha qo‘shilamiz.

Sara o‘z sahifasida quyidagicha yozuv qoldirdi:
“Siz mendan nega profilimda Fransiya bayrog‘ining yo‘qligini so‘rarsiz? Chunki kecha Parijda sodir bo‘lgan narsa har kuni Yamanda, G‘arb kuchlarining sukutdagi rizoligi ortidan sodir bo‘lmoqda.
Chunki Parijda sodir bo‘lgani hodisa muntazam ravishda Iroq va Afg‘onistonda sodir bo‘lmoqda. Bir hafta muqaddam bozordagi portlash oqibatida 200 kishi halok bo‘ldi, lekin jahon hamjamiyati bunga e'tiroz bildirmadi.
Chunki hech kim Falastin va Nigeriyadagi dahshatlar haqida gapirmayapti. Biz esa – zamonaviy G‘arb dunyosi – go‘yoki buning uchun javobgarligimiz yo‘qday chekkadan kuzatib turibmiz.

Ayrim hayotlar boshqalarnikidan qimmatroq turishi adolatdan emas. Agar bugun biz fransuzlar bo‘lsak – biz ayni paytda suriyaliklar, kurdlar, iroqliklar, yamanliklar bo‘lishimiz lozim. Biz barcha fotografiyalarni zaxira qilib olib, kerak bo‘lganida profilimizni almashtirishimiz lozim. Bu narsa bugunning o‘zidayoq kerak bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, biz buni almashtirishimiz lozim. Halok bo‘layotganlar sonining o‘sishini to‘xtatishimiz lozim. Busiz ham biz ushbu fojialar va halokatlar sababchisi ekanligimizni tan olishimiz kerak. Biz – G‘arb dunyosining uzoqni ko‘ra olmaydigan aholisi, bizga o‘zimiz – bizning hayot tarzimiz, odamlarimizgina qiziq.

Agar biz yaxshiroq dunyoda yashashni istasak, bu dunyoni yaratishimiz lozim. Turishimiz. Urushlarni to‘xtatishimiz. Bombardimonlarni to‘xtatishimiz. G‘arb kuchlari, agar xohlasalar, IShIDni ertagayoq to‘xtatishlari mumkin. Lekin ular buni istamaydi – chunki bu ularga manfaat keltiradi. Xuddi Iroq va Afg‘onistondagi urushlar Bler va Bushga manfaat keltirganidek. Bugun bu fakt. Bugun bu isbotlandi. Biz barchamiz buni bilamiz. Va bizning barchamiz shuncha yillar sukut saqlaganimiz uchun javobgarmiz.

Jurnalistlardan esa rasmiy organlar bayonotlarini shubhasiz fakt sifatida keltirishni bas qilishni so‘ragan bo‘lar edim. Savollar bering, talab qiling, topgan hamma narsangizni o‘qing, nuqtalarni birlashtiring, tahlildan o‘tkazing. Va o‘zingiz xulosa qiling. Odamlarga sizga qarab turibdi. Sizning tinglamoqda. Jurnalist hamma narsada kamchilik qidirishi, shubhalanishi kerak. Bu bizning ishimiz. Bu bizdan talab qilinadigan narsa”.

Jahondagi ko‘plab binolar Fransiya bayrog‘i tusiga kirdi

Top