20:03 / 17.11.2015
6652

Andijonda ikki bank filiali rahbarlari poraxo‘rlik aybi bilan qamoqqa hukm qilindi

Andijon viloyat jinoiy ishlar sudi aksiyadorlik tijorat banki “Qishloq qurilish banki” va davlat tijorat banki “Xalq banki” filiallarining sobiq rahbarlariga nisbatan poraxo‘rlik aybi bo‘yicha uzoq yillik ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida qaror chiqardi.

12news.uz xabariga ko‘ra, “Qishloq qurilish banki”ning Andijon viloyati filialini boshqargan X.Axmadaliyev va “Xalq banki” viloyat filiali boshqaruvchisi R.Saydaliyev aholiga tibbiy va xo‘jalik xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan “Subhidam g‘unchasi” MChJ direktoridan yuqorida aytib o‘tilgan banklarda tomonidan kredit mablag‘lari ajratib berishi uchun yiriq miqdorda pul mablag‘larini pora sifatida talab qilgan.

MChJ direktori o‘z rahbarligi ostidagi muassasa faoliyatini kengaytirish maqsadida “Qishloq qurilish banki”ning Andijon viloyati filialiga 950 million so‘m miqdorida kredit ajratishlarini so‘rab murojaat qilgan. Filial rahbari X.Axmadaliyev esa kredit ajratish bo‘yicha talabining qondirilishi uchun 5000 AQSh dollari so‘ragan. MChJni kredit shartlari hisobiga moliyalashtirish jarayonida bank boshqaruvchisi yana 70 million so‘m talab qilgan. Tadbirkor boshlab qo‘ygan ishini yakuniga yetkazish maqsadida talab qilingan pulning yarmini berishga majbur bo‘lgan.

Buning ortidan “Xalq banki” filialiga 2 milliard so‘m miqdorida kredit ajratishlarini so‘ragan tadbirkor bu yerda ham bankirlarning ochko‘zligiga duch kelgan. Bank boshqaruvchisi R.Saydaliyev mijozdan dastlab 3000 AQSh dollari, kreditni rasmiylashtirishda esa qo‘shimcha ravishda 10 ming, keyinroq yana 9 ming dollar talab qilgan. Boshqaruvchi “ishtahasi”ni qondirish yakunda tadbirkor uchun 22 ming AQSh dollariga tushgan. Bularga qo‘shimcha o‘laroq bank operatsiyalari bo‘limi boshlig‘i Sh.Mamadalimovga 2 ming, bankning Kuyganyor bo‘limi rahbari Sh.Rustamovga 2300 dollar berishga to‘g‘ri keladi.

Top