11:31 / 17.11.2015
11789

O‘zbekistonda xalqaro "Bag‘rikenglik kuni" nishonlandi

“16 noyabr—Xalqaro bag‘rikenglik kuni”. Ushbu sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent Islom universitetida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik—jamiyat barqarorligi garovi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda mamlakatimizda 16ta diniy konfessiyaga mansub 2238 ta diniy tashkilot, 130 dan ortiq millat vakillarini o‘zida jamlangan 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlar emin-erkin faoliyat olib bormoqda va bu faoliyat qonuniy asosda mustahkamlab qo‘yilgan. Bag‘rikenglik va totuvlik asosida yuzaga kelgan bugungi tinchlik-osoyishtalik esa O‘zbekiston yutuqlarining asosiy poydevori bo‘lmoqda.

“Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan tashkil etilgan anjumanda so‘zga chiqqan ulamolar, dinshunos olimlar O‘zbekistondagi bag‘rikenglik siyosati, millatlararo totuvlik va o‘zaro hurmat o‘zbeklarga xos asriy an'analar ekanini ta'kidlashdi.

“Allohga shukrki, bugun yurtimiz tinch-osuda. Qadimda allomalar yurtimizni bag‘rikenglik, totuvlik va tinchlikni targ‘ib qiluvchi asarlari bilan dunyoga tanitgan bo‘lsa, bugun mamlakatimiz chin ma'noda turli millatlar axil-inoqlikda umr kechirayotgan baxtiyor yurt sifatida barchaning xavasini keltirmoqda. Bugungi anjuman ham buning yaqqol tasdig‘idir. Anjumanga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlarimiz va mutaxassislar ham buni e'tirof qilishayapti. Eng muhimi, doimiy inoqlik va axillikni asrash”, deydi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov.

Anjumanda ma'ruza qilgan turli diniy konfessiyalar vakillari va xorijlik ekspertlar mamlakatimizdagi millatlararo va dinlararo totuvlikka yuqori baho berishdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb belgilangani O‘zbekistonda e'tiqod erkinligi qay darajada muhim ekanini tasdiqlab turibdi, deya e'tirof etishdi.

“O‘zbekiston uchun bugungi kun shunchaki sana emas, balki bayram deyish mumkin”. Chunki turli dinga, e'tiqodga mansub, biroq Vatani bir, insonlar fikrlashayapmiz, do‘stona muloqot qilayapmiz. Shukr-ki, bugun bizning yurtimiz tinch, maqsad-niyatlarimiz o‘xshash. Ana shu totuvlik ap osoyishtalik bardavom bo‘lishini Yaratgandan so‘raymiz”, deydi Rus Pravoslav cherkovi rasmiy vakili protoiyerey Sergiy Statsenko.

Inson qanday dinga e'tiqod qilishi, qaysi millat vakili bo‘lishidan qat'iy nazar qalbi hamisha ezgulikka esh bo‘lishi, o‘z istiqomat manzilini asrab-avaylashi, gullab-yashnashiga munosib xissa qo‘shishi lozim. Anjumanning yakuniy xulosasi ana shunday bo‘ldi.

"Shayx Zayniddin" jome masjidi matbuot xizmati / Muxlis.uz

Top