19:56 / 18.11.2015
37980

Besh oylik go‘dak sabog‘i

Rossiyada FMX tomonidan o‘tkaziladigan reydlar chog‘ida muhojirlarning farzandlari tortib olinadi va bolalar uyiga topshiriladi. Ota-onalari oylab yugurib, o‘z farzandi uchun xujjat yig‘ib bolalarini oladilar. Bu holat yaqingacha, aniqrog‘i, Umarali Nazarov fojyeasigacha yuzaga chiqmay kelayotgandi.

14 oktabr kuni 5 oylik tojikistonlik go‘dak Umarali Nazarov ana shunday reydlarning, noqonuniy xatti-harakatlarning, millatchilik va adolatsizlikning qurboni bo‘ldi...
Shu yilning 13 oktabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Admiralteyskiy tumani Federal Migratsiya Xizmati xodimlari Lermontovskiy prospektda reyd o‘tkazishdi. Shu hududda yashovchi tojikistonlik muhojirlarning ijara uyiga kirib, u yerda yashovchilarning xujjatlarini tekshirishdi. Oila boshlig‘i Rustam Nazarov ishda, uyda esa uning onasi Mehriniso Nazarova, rafiqasi Zarina Yunusova va ukasi Daler Nazarovlar bor edi.

FMX xodimlari tekshiruv paytida Zarina va Dalerning migratsiya qonunchiligini buzganligini aniqladi. Aniqrog‘i, Zarinaning vaqtinchalik istiqomat huquqini beruvchi hujjatining amal qilish muddati o‘tib ketgandi.

Zarina uzoq vaqt farzand ko‘ra olmay, davolanish uchun Sankt-Peterburgga kelgandi. Davolanish natija berdi, u homilador bo‘lgan vaqtda hujjatidagi ketish muddati kelib qolgandi. Uzoq kutilgan chaqaloq tug‘ilib, 5 oylik bo‘lganida Zarina Tojikistonga qaytib ketish uchun aviabilet olindi. Ammo ketish sanasiga atigi bir necha kun qolganda bu voqea ro‘y berdi. Qo‘lidagi ketish chiptasiga qaramay, uni va Dalerni politsiya bo‘limiga olib ketishdi. Zarinaning qo‘lida 5 oylik chaqalog‘i Umarali ham bor edi.

“Politsiya idorasiga kirganimizdan so‘ng, katta leytenant unvonli ayol bizni so‘roq qila boshladi, - deydi 17 yoshli Daler Nazarov. - Zarina ruschani bilmagani uchun men javob berdim, tarjimon yo‘q edi. So‘roq vaqtida Umarali och qolib yig‘lay boshladi. Shu payt akam (Rustam Nazarov) qo‘ng‘iroq qilib qolib, o‘g‘lining yig‘layotganini eshitdi. Bola nega yig‘layotganini so‘radi. Zarina idishdagi bo‘tqasini ichirmoqchi edi, sovib qolgan ekan. Keyin u o‘girilib emiza boshladi. Leytenant kimning bolasi ekanligini so‘radi, men akam va Zarinaning farzandi ekanini, hujjatlarimizni hozir onam olib kelishini aytdim. Shu payt FMX bo‘limi xodimlaridan biri kirib, Zarina ortidan yurishini aytdi. Men tarjima qildim. Zarina o‘rnidan turdi, qo‘lida Umarali bor edi. Katta leytenant Zarinaning yoniga kelib, qo‘lidan chaqalog‘ini torta boshladi. Zarina mahkam ushlashga harakat qildi, ammo leytenant Umaralini Zarinadan kuch bilan tortib oldi. Zarina juda qo‘rqib ketgandi, inday olmadi...

Shundan so‘ng FMX bo‘limi xodimi Zarinani qayergadir olib ketdi. Men esa katta leytenant, uni qo‘lida Umarali bilan navbatchilik bo‘limida kirdik. Leytenant bola bilan xonaga kirib ketdi, men yo‘lakda qoldim...”

Zarina politsiya idorasidan sud mahkamasiga olib borildi va 5 soatdan oshiq vaqt ushlab o‘tirildi. So‘ng u yerda Zarina Yunusova ma'muriy javobgarlikka tortilib, unga 5000 rubl jarima va 15 kun ichida mamlakatdan chiqib ketish jazosi tayinlandi.
Bu vaqtda politsiya xodimlari go‘dak yuzasidan “tashlandiq va adashib qolgan bola keltirilgani yuzasidan dalolatnoma” tuzib, uni “Tez yordam”ga topshirib yuborishdi. Chaqaloqni Tsimbalina nomli kasalxonaga eltib, joylashtirishdi. Politsiya binosi yonida bolani talab qilib turgan otasi va buvisini esa ichkariga kiritishmadi.

“Bola tashlandiq ham, adashgan ham, qarovsiz qolgan ham emasdi, - deydi RF inson huquqlari va fuqarolik jamiyati bo‘yicha Kengash a'zosi Yevgeniy Shablinskiy. - Politsiyaning bunday dalolatnoma tuzishga haqqi yo‘q edi. “Tez yordam” chaqirish uchun ham asos bo‘lmagan”

Zarina esa suddan chiqishi bilan o‘g‘lini izlay boshladi. Eri Rustam Nazarov, qaynonasi Mehriniso Nazarovalar bilan birga politsiya eshigida emizikli go‘dakni so‘roqlashdi. Ammo hech kim Umarali Nazarovning qayerdaligini aytmadi. Butun oila yarim tungacha chaqaloqni izlab, darak topmadilar.

Ertasi (14 oktabr) kuni tongda Nazarovlar oilasiga telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi va 5 oylik chaqaloq Umarali Nazarovning Tsimbalina kasalxonasida vafot etganini aytishdi.

Go‘dakning otasi Rustam Nazarov onasi Mehriniso bilan kasalxonaga yetib borishdi, ammo u yerda Umarali o‘likxonaga yuborilganini bildirishdi. O‘limi sababini esa aytisha olmadi. Hattoki, go‘dak qaysi o‘likxonaga jo‘natilmagani aytilmagani bois, Nazarovlar 3 kun Umarali jasadini izlashdi. Nihoyat, Rustam 17 oktabr kuni Yekaterinskiy prospektdagi o‘likxonada chaqalog‘ining sovuq diydorini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.

“Uning yuzida, labining atrofida qon izlarini, ko‘zlari yonida ko‘kimtir dog‘larni ko‘rdim”, deydi Rustam Nazarov.

Go‘dakning bevaqt o‘limi keng jamoatchilikning e'tiborini tortdi. Minglab tojikistonlik muhojirlar Peterburgdagi konsullik oldida namoyishga chiqdilar, ijtimoiy tarmoqlarda e'tirozlarini bildirdilar. Bino yoniga gullar va o‘yinchoqlar keltirishdi, jamoatchilar piketlar uyushtirishdi. Umarali Nazarovning o‘limi bo‘yicha xolis tekshiruv o‘tkazishni talab qilishdi. Rossiya va Tojikiston OAV lari deyarli kunda bu fojyea bilan bog‘liq tafsilotlarni berib bordilar, jamoatchilik arboblarining fikrlari bayon etildi, xalq orasida to‘xtovsiz bahsu munozaralar yuzaga keldi.

Umarali Nazarovning jasadi esa hamon o‘likxonada edi. Nihoyat, 3 xaftadan so‘ng, 7 noyabr kuni sud-tibbiy ekspertizasining xulosasi e'lon qilindi: “Umarali Nazarovning o‘limi sababi tsitomegalovirusli infeksiya”.

Ammo Umarali Nazarov kasalxonaga joylashtirilgan zahoti tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, bola mutlaqo sog‘lom deb topilgani kasalxona xisobotida qayd etilgan edi.

Ayni paytda Sankt-Peterburg tergov qo‘mitasi tomonidan RF JK ning 109 bandi (ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish) jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Rossiya prezidentining bolalar huquqi bo‘yicha vakili Pavel Astaxov Rossiya Tashqi Ishlar Vazirligi va Rossiya bosh prokuroriga 14 oktabr kuni Tsimbalina kasalxonasida o‘lgan chaqaloq uchun surishtiruv ishlari o‘tkazishlarini so‘rab murojaat etgan.

30 oktabr kuni Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon RF hukumati vakillari bilan uchrashuvda 5 oylik chaqaloq o‘limi mavzusini ko‘tardi. RF bosh vaziri Dmitriy Medvedev bu masala “oxirigacha olib borilishi” o‘z nazoratida bo‘lishi to‘g‘risida va'da bergan.

Jamoatchilik shov-shuvi davom etayotgan bir vaqtda 12 noyabr kuni Sankt Peterburg sudi Umarali Nazarovning onasi Zarina Yunusovani 5 sutka ichida mamlakatdan chiqib ketishi bo‘yicha qaror chiqardi. Advokat va huquqshunoslarning Zarina marhum o‘g‘lining tergov harakatlari tugaguniga qadar shaharda qoldirishga urinishlari zoye ketdi.

16 noyabr kuni tongda Zarina Yunusova marhum o‘g‘lining jasadi solingan jajji quti bilan Dushanbega uchib bordi. Uni aeroportda ota-onasi va yaqinlari kutib olib, Fayziobodga olib ketishdi. Shu kuni Umarali Nazarov ona yurti Bobo Valiga dafn etildi. Bir oydan ziyod tuz totmagan, bir so‘z demagan Zarina Yunusova dafn marosimi chog‘ida “portladi”. Uning faryodiga har qanday yurakni zirqiratadi...

Oradan 2 kun o‘tdi. Adolat talabidagi insonlar kurashdan to‘xtagani yo‘q. Peterburgda 200 nafardan ziyod kishilar ishtirokidagi norozilik namoyishi o‘kazildi, 136 mingdan ziyod kishi Umaralining o‘limi tadqiq etilishi talab qilingan petitsiyaga imzo chekdilar.
Umarali Nazarovning o‘limi butun insoniyatga dars bo‘ldi. 5 oygina umr kechirgan go‘dak olam ahliga inson qadri nechog‘lik ekanini, hayotning qiymatini ko‘rsatib ketdi.

Uning sabog‘idan mudroqlar xushyor tortdi, oqibat haqida o‘ylashga majbur qildi.
“Hujjatlarim joyida emasdi, tekshirib qolsa, politsiya bolamni tortib olmaydimi?”, degan mazmundagi savollar bilan murojaat qiluvchilar ko‘paydi. “Umaraliga o‘xshab o‘ldirib berishsa, nima qilaman?!” deya xavotir bilan yozishayapti ko‘pchilik muhojirlar.
Bu voqea har kim bilan bo‘lishi mumkin, hamma vaqt bo‘lishi mumkin.

Toki, Rossiyada millatchilik degan illat bor ekan, toki migratsiya qonunlariga amal qilinmas ekan, toki o‘z huquqingizni talab qila olmas ekansiz, bu fojyea takrorlanmasligiga kafolot yo‘q...

Quyida Rossiyada faoliyat ko‘rsatadigan mashhur jurnalistlar Maksim Shevchenko hamda Vladimir Solovyovlarning ushbu voqealarga nisbatan munosabati, bildirgan fikrlaridan boxabar bo‘lishingiz mumkin:

Tojikistonda Peterburgda vafot etgan besh oylik Umaralining dafn marosimi bo‘lib o‘tdi.

Sohiba Hayitboyeva maxsus Kun.uz uchun tayyorladi.

Top