10:57 / 18.11.2015
2861

Farg‘onalik doirachi Parijda o‘tkazilgan ijod festivalida g‘olib bo‘ldi

O‘tgan haftada Fransiya poytaxti Parij shahrida “Iste'dodlar salyuti” loyihasi doirasida XXIV halqaro bolalar va o‘smirlar ijodi festivali bo‘lib o‘tdi. “Parij, men seni sevaman!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan tadbirda dunyoning 20ga yaqin mamlakatidan 150 nafar yosh iste'dod sohiblari qatnashdi.

Ushbu nufuzli tanlovda Qo‘qon shahridagi 7-bolalar musiqa va san'at maktabi o‘quvchisi Sherzodbek Yo‘ldoshev “Cholg‘u san'ati” yo‘nalishida faxrli birinchi o‘rinni egalladi.

"Parij safarida ustozlarim Zarifjon Rahmatov hamda O‘rinboy Yo‘ldoshev hamroh bo‘lishdi. Aynan ularning ko‘rsatmalari va qo‘llab-quvvatlashlari tufayli sahnada o‘zimni dadil tutdim. Bastakor Muxtor Ashrafiyning “So‘zsiz qo‘shiq” asarining doirada ijro etdim, bu ijro nufuzli hakamlar hay'ati tomonidan yuqori baholandi", - deydi Sherzodbek.

"Sherzodbekning xalqaro festivaldagi yutug‘i bizni behad quvontirdi,- deydi 7-BMSM direktori Vaqqosxon Boboyev. – Yosh san'atkorlarimizning dunyo miqyosidagi nufuzli tanlovlarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari zamirida muhtaram Prezidentimizning barkamol avlod tarbiyasiga katta e'tibor berayotganliklari mujassamdir.

Parijdagi xalqaro festival g‘olibi, Dang‘ara tumanidagi 13-umumiy o‘rta ta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Sherzodbek Yo‘ldoshev musiqa va san'at maktabidagi ustozlari ko‘magida kelasi yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadigan “Iste'dodlar salyuti” loyihasining superfinalida ham munosib qatnashish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Top