12:07 / 18.11.2015
8728

Parijdagi aksilterror amaliyoti vaqtida ayol terrorchi o‘zini portlatib yubordi

Parij shimolidagi Sen-Deni tumanida Fransiya maxsus xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan aksilterror amaliyoti vaqtida qo‘lga tushishni istamagan ayol terrorchi o‘zini portlatib yuborishga ulgurgan. Bu haqda mahalliy nashrlarda xabar qilindi.

Xabarlarda aytilishicha, ushbu amaliyot davomida 3 nafar terrorchi o‘ldirilgan, 2 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Ular Parijda 13 noyabr kuni amalga oshirilgan teraktlarga aloqadorlikda gumon qilinishadi.

Bundan oldinroq, politsiya terrorchilar yashiringani gumon qilingan hududni o‘rab ola boshlagani haqida xabarlar berilgandi.

Ayni vaqtda ham hududdagi binolardan biri ichida terrorchilar qolayotgani taxmin qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr oqshomida Parijda sodir etilgan davomli teraktlar tufayli 129 kishi halok bo‘lgan, 352 kishi jarohatlangan. Shifoxonadagilarning 99 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Top