14:59 / 18.11.2015
6388

Terrorchilar Parijda yana bir terakt uyushtirishni rejalashtirgani ma'lum bo‘ldi

Politsiyachilar tomonidan Parijning Sen-Deni tumanida qamal qilingan terrorchilar guruhi Fransiya poytaxti yana bir yirik terakt sodir qilishni rejalashtirishgandi. Bu haqda RTL telekanali xabar tarqatgan.

Ayni vaqtda bu guruhning qo‘lga olingan 5 nafar a'zosining tergov qilingani natijalari haqida ma'lumotlar yo‘q.

Parij shimolidagi Sen-Deni tumanida 3 soat davomida o‘tkazilgan aksilterror amaliyoti paytida yuz bergan otishmalar vaqtida bir nafar o‘tkinchi yo‘lovchi halok bo‘lgan, yana 5 nafar politsiyachi jarohatlangan.

Ayni vaqtga kelib, qo‘lga olingan 5 nafar jangari orasida Parijdagi teraktlarni tashkil qilishda ayblangan Abdislom va Abaud yo‘qligi aytilgan. Bu guruh Parijning Defans tumanida yana bir terakt amalga oshirishni rejalashtirgan bo‘lgan.

Otishmalar vaqtida 2 nafar jangari halok bo‘lgan, ulardan biri o‘zini portlatib yuborgan ayol.

Politsiya ayni vaqtda hududni butunlay o‘rab olgan hamda yana bir terrorchini qo‘lga olishga harakat qilmoqda. Uning hududdan qochib ketgani haqida paydo bo‘lgan xabarlar inkor qilindi.

Top