17:36 / 18.11.2015
3142

UYeFA YeChLning 5-tur o‘yinlari o‘tkazilish vaqti o‘zgartirilmasligini ma'lum qildi

UYeFA matbuot xizmati Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichi 5-tur uchrashuvlarining o‘tkazilish vaqti o‘zgarmasligini bildiruvchi bayonot bilan chiqdi.

«Barcha uchrashuvlar oldin qanday vaqtga belgilangan bo‘lsa, o‘sha paytda o‘tkaziladi. Bizda juda qattiq tartibdagi qoidalar ishlaydi. Shu jumladan uchrashuv o‘tkazilishining xavfsizligi yuzasidan ham. Biz mezbon jamoa hukumati bilan barcha uchrashuvlarni xavfsiz o‘tkazish bo‘yicha jiddiy ravishda hamkorlik qilib kelamiz.

UYeFA mehmon jamoa muxlislari masalasini o‘rganmaydi. Bu ikki tomon hukumati tomonidan hal qilinadigan masaladir», deyiladi bayonotda.

Oldinroq, UYeFA Fransiyada sodir etilgan teraktlar natijasida Yevro-2016 final bosqichi uchun qur'a tashlash marosimi muddati qoldirilmasligini ma'lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyada sodir etilgan bir necha qo‘poruvchilik harakatlari natijasida 129 nafar kishi halok bo‘lgan, 352 kishi jarohat olgandi. Yaralanganlarning 99 nafari o‘ta og‘ir ahvolda ekani ma'lum qilingan.

Top