11:48 / 19.11.2015
9770

A321 samolyotida portlash yuz berishining ehtimoliy tasviri ishlandi

31 oktabr kuni Misrning Sinay yarim orolida qulagan A321 layneri bortida yuz bergan portlash jarayonining taxminiy videolavhasi ishlab chiqildi.

Unda ko‘rsatilishicha, bomba samolyotning yukxonasida portlaydi. Portlash yuz bergan vaqtda samolyot 9000 m balandlikda soatiga 760 km tezlik bilan uchayotgan bo‘lgan. Portlashdan keyin samolyot ikkiga bo‘linib ketgan, dum qism parchalangan, oldingi qism esa havodayoq aylana boshlagan.

Maxsus xizmatlarga asoslanib xabar berilishicha, taxminlarga ko‘ra samolyot bortiga bomba Sharm-ash-Shayx aeroporti xodimi tomonidan o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 17 noyabr kuni Rossiya FXX A321 samolyoti terakt tufayli qulaganini tasdiqladi. Rossiya prezidenti bu terakt ijrochilarini dunyoning qaysi nuqtasidan bo‘lsa ham topishni va qattiq jazolashni va'da qilgan.

Kecha, 18 noyabr kuni IShID A321 samolyoti bortiga o‘rnatilgan portlovchi qurilma suratini namoyish qildi.

31 oktabr kuni Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchayotgan samolyot qulashi natijasida 224 kishi halok bo‘lgandi.

Top