18:13 / 19.11.2015
3097

Arsen Venger: Loran Koselni Parijdagi voqealar tufayli qattiq tushkunlikda

"Arsenal" jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger o‘z shogirdlaridan biri, fransiyalik himoyachi Loran Koselnining "Vest Bromvich"ga qarshi o‘yinda maydonga tushirmasligi mumkinligini bildirdi. Bunga futbolchi Parijdagi fojiali voqealardan keyin o‘zini juda yomon his qilayotgani sabab bo‘ladi.

"Loran Germaniyaga qarshi o‘yinda juda zo‘r o‘ynadi. Ammo men uni Angliyaga qarshi o‘yinda umuman taniy olmadim. Parij voqealari uning ruhiyatida qattiq iz qoldirgan va u hali o‘ziga kela olmayapti.

Men Loran bilan gaplashdim. Hozircha u ruhiy jihatdan tiklanganiga ishonchim komil emas.

"Vest Bromvich"ga qarshi o‘yinning ahamiyati katta va men uni bu maydonga tushirib tavakkal qilmoqchi emasman. Bugungi kunda APL o‘yinlariga qandaydir 70 yoki 80 foiz tayyorgarlik bilan kirib bo‘lmaydi. O‘yinga 100 foiz tayyor bo‘lish lozim.

Men Koselnini u hammasini unutgani va faqat o‘yin haqida o‘ylayotganiga amin bo‘lsamgina, maydonga tushiraman. Aks holda, yo‘q", deydi kanonirlar bosh murabbiyi.

Biroz oldinroq, Angliya chempionatining 13-turida Parij terakti qurbonlari xotirasiga hurmat tarzida barcha o‘yinlar boshlanishidan oldin stadionlarda Fransiya madhiyasi "Marseleza" kuylanishi haqida xabar qilingandi.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda "Arsenal" 12 turdan keyin 26 ochko to‘plagan holda "Manchester Siti" bilan birinchi va ikkinchi o‘rinlarni bo‘lishib turibdi. Jamoaning "Vest Bromvich"ga qarshi o‘yini 21 noyabr kuni safarda o‘tkaziladi. Shu kuni "Manchester Siti" "Liverpul"ni qabul qiladi.

Top