21:40 / 19.11.2015
14390

O‘zbekistonda nazorat organlarining noqonuniy tekshirish o‘tkazgan xodimlari javobgarlikka tortildi

Iqtisodiyotimizning muhim tayanchiga aylanib borayotgan tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoit ta'minlab berilmoqda. Ayniqsa, soha vakillari faoliyatini tekshirish tizimi tubdan takomillashmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni shu maqsadga xizmat qilayotir.

Farmonga muvofiq tekshirishlar o‘tkazish tartibi, rejali tekshirishlar davriyligi, tekshirish o‘tkazish muddati tubdan takomillashdi. Tekshirishlar o‘tkazish muddatini kamaytirish va takroriy tekshiruvlarning oldini olish maqsadida ularning davriyligi birxillashtirildi. Natijada tadbirkorlik sub'yektlarida o‘tkazilayotgan tekshirishlar yanada qisqardi.

“Tekshirishlarning kamaygani tadbirkorlarning vaqtini behuda olish, kayfiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatish kabi holatlarga barham berib, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratayotir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi kotibi Erkin Jo‘rayev. – Kengash tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarida o‘tkazilayotgan tekshirishlar doimiy nazoratga olingan. Kengash huzurida Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi vakillaridan iborat noqonuniy tekshirishlarni o‘rganib borish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilgan. Mazkur guruh tomonidan har oy yakuni bo‘yicha aniqlangan noqonuniy tekshirishlar monitoringi yuritilmoqda. Nazorat qiluvchi organlarning noqonuniy tekshirish o‘tkazgan mansabdor xodimlari va tuzilma rahbarlarini javobgarlikka tortish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga taqdimnomalar kiritilmoqda”.

Joriy yilning sentabr oyida aniqlangan holatlar tahliliga nazar tashlasak, Toshkent shahrining Uchtepa va Mirobod tumanlari davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari xodimlari D.Qosimova, X.Olimboyeva, O.Eshmuhamedov va A.Tojiniyozova tadbirkorlik sub'yektlarida noqonuniy tekshirish o‘tkazgan. Bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdimnoma kiritilgan. Qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan bu shaxslar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan.

Qo‘l ostidagi xodimlarning faoliyatini nazorat qilmaganliklari oqibatida noqonuniy tekshirish o‘tkazilishiga sharoit yaratib bergani uchun Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan Uchtepa tumani markazi bosh vrachi N.Saidovaga nisbatan o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizi miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Mirobod tumani markazi bosh vrachi J.Vohidov va Yakkasaroy tumani markazi bosh vrachi F.Bozorovga “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanildi.

Andijon tumani ichki ishlar bo‘limi yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi boshlig‘i N.Olimov ham tadbirkor faoliyatini noqonuniy tekshirgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligiga kiritilgan taqdimnomaga asosan huquqbuzarga “qattiq hayfsan” intizomiy jazosi berilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish tuzilmalarining tegishli buyruqlari asosida A.Reyimov, M.Seyitov, A.Ro‘ziyev noqonuniy tekshirish o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ygan. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga kiritilgan taqdimnomaga muvofiq ularga “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Mazkur ishchi guruh tashkil etilganiga besh oydan ko‘proq vaqt o‘tdi. Shu davrda noqonuniy tekshirish o‘tkazgan nazorat organlarining 49 xodimi javobgarlikka tortildi.

Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorga noxolis ko‘z bilan qaraganlarga, ularga xalaqit berganlarga jazo muqarrar.

Norgul Abduraimova, O‘zA muxbiri

Top