15:54 / 19.11.2015
2997

Zaxiralar ortishi tufayli neft narxi avgustdan beri ilk marta 40 dollardan pastladi

Shimoliy Amerikaning WTI turidagi neft narxi chorshanba kungi savdolar vaqtida bir barreli 40 dollardan tushib ketdi va bu neft zaxirasining oshganligi bilan bog‘lanmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar bergan.

WTI turidagi neft Nyu-York tovar birjasi savdolarida 0,54 dollarga (1,33 foiz) tushib, bir barreli 39,91 dollarga baholangan. Bunday past ko‘rsatkich 27 avgustdan beri qayd etilmagandi.

Brent turidagi neft narxi esa London birjasi savdolariga ko‘ra, 0,11 dollarga (0,25 foizga) pasayib, bir barreli 43,46 dollarni tashkil etgan.

Xalqaro energetika agentligi ma'lumotiga ko‘ra, neftning jahondagi zaxirasi 3 mlrd barrelga yetgan. AQShda o‘tgan haftada zaxiralar 252 ming barrelga oshgan.

Top