12:35 / 20.11.2015
4357

"Arsenal" muxlislari Messini jamoaga taklif qilish uchun pul yig‘ishmoqchi

Londonning "Arsenal" jamoasi muxlislari "Barselona"ning argentinalik hujumchisi Lionel Messi uchun to‘lash maqsadida pul to‘plashga kirishishdi. Bu haqda Yeurosport.ru nashri "kanonirlar" muxlislaridan biriga asoslanib, xabar tarqatgan

Biroz oldinroq, Messi "Arsenal"ga jamoadan haftasiga 600 ming funt maosh olish sharti evaziga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Muxlis Mett Klark o‘z tvitterida "Arsenal"ning o‘zidan boshqa yana 599 999 nafar muxlisi haftasiga 1 funtdan yig‘ishi orqali Messining maoshi to‘lanishi taklifi bilan chiqqan.

Qayd etish kerakki, Messi Ispaniyadagi soliqlar bilan bog‘liq muammosi tufayli APLga yo‘l olishi mumkin.

Ayni vaqtda Messi yiliga 14 mln funt ishlab topmoqda. "Barselona" bilan shartnomaga ko‘ra, uning boshqa jamoaga o‘tishi evaziga 175 mln funt ustama mablag‘i talab qilinadi. Uning katalonlar bilan shartnomasi 2018 yilgacha tuzilgan.

Shu yilning oktabrida Ispaniya prokurori Messiga 22 oylik qamoq jazosi tayinlashni taklif qilgandi. Futbolchi 4 mln yevro miqdoridagi soliqni yashirishda ayblangan.

Messi "Barselona" safida 2003 yilda ilk uchrashuvni o‘tkazgan. U jamoa bilan shu vaqtgacha 25ta sovrin yutgan. Shundan 7tasi La liga chempionligi, 4tasi YeChL Kubogi hisoblanadi. U to‘rt marta yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida "Oltin to‘p" bilan taqdirlangan.

28 yoshli bu hujumchi Argentina terma jamoasi safida 105ta o‘yin o‘tkazgan va 49ta gol urgan. U terma jamoa bilan 2014 yilgi JChda kumush medalni qo‘lga kiritgandi. Messi 2008 yilda terma jamoa bilan Pekin olimpiadasida zafar quchgan.

Top