19:16 / 20.11.2015
2808

Bamakodagi mehmonxonani garovga olgan jangarilarning 3 nafari o‘ldirildi

Mali poytaxti Bamako shahridagi Radisson Blu mehmonxonasiga hujum uyushtirib, u yerdagi 170 kishini garovga olgan jangarilarning 3 nafari yo‘q qilingan. Bu haqda hukumatdagi manbasiga asoslangan holda aBamako nashri xabar tarqatgan.

Ma'lum qilinishicha, mehmonxonani qamal qilish operatsiyasida Fransiya va AQSh maxsus xizmatlari, shuningdek BMTning tinchlikparvar kuchlari vakillari ham ishtirok etgan. Ayni vaqtda amaliyot davom ettirilayotgani aytilgan.

Biroz oldinroq, asosan sayyohlar qo‘ngan bu mehmonxonaga tuareglarning "Ansor-ad-Din" guruhi hujum qilgani haqida ma'lumot paydo bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, bugun ertalab Mali poytaxti Bamako shahridagi Radisson Hotel Bamako mehmonxonasiga o‘nlab jangarilar bostirib kirdi va 170 kishini asirga oldi. Bosqindan oldin yuz bergan portlash va otishma vaqtida 3 kishi halok bo‘lgan. Ulardan biri fransiyalik, 2 nafari esa malilik.

Mehmonxona atrofi 200 nafarga yaqin harbiy tomonidan o‘rab olingan.

Top