14:14 / 20.11.2015
4852

BMW yangi ixcham sedanning namunasini ko‘rsatdi

BMW kompaniyasi yangi ixcham sedanning kontseptual namunasini rasman taqdim etdi. World Car Fans nashrining ta'kidlashicha, yangi mashina 1-Series oilasining yangi vakili qanaqa bo‘lishi haqida tasavvur hosil qiladi. Prototip Guanchjoudagi avtosalonda namoyish etildi.

Prototipning gabariti haqida ham, kuch qurilmasi haqida ham ma'lumot keltirilmadi. Faqatgina u 20 dyuymli g‘ildirak disklari va ham oldindan, ham orqadan yorug‘lik diodli optika bilan ta'minlangani aniqlashtirildi.
1-Series’ning amaldagi avlodidan 5 eshikli xetchbekning gabarit uzunligi 4 329 mm ni, kengligi 1 765 mm ni, balandligi esa 1 440 mm ni tashkil qiladi. Uning g‘ildirak bazasi 2 690 mm ga teng.

Concept Compact Sedan intererida laklanmagan yog‘och, teri va alyuminiydan foydalanildi. Prototip proyektsion displey, 8.8 dyuymli multimedia tizimi ekrani hamda ikkinchi qatordagi ikki alohida o‘rindiq, panorama tomi, sensorli eshik dastalari va oyna ko‘targichlar bilan ta'minlandi.
Ixcham sedan sinovlari 2014 yili boshlangan edi. O‘sha yilning sentabrida tarmoqqa prototipning suratlari joylashtirilgan edi. Model 2017 yildan konveyerga qo‘yilishi mumkinligi aytilmoqda.

Top