09:21 / 20.11.2015
9729

Fransiyaning terrorga qarshi kurashi tarixiga nazar

Yaqinda Parijda sodir bo‘lgan qonli qo‘poruvchilik aktlari Beshinchi respublika tarixidagi uchinchi jiddiy zo‘ravonlik to‘lqinidir. Oxirgi 60 yil ichida Fransiya ko‘plab terrorchilik hujumlariga duchor bo‘ldi, lekin millat ko‘p hollarda qiyinchiliklarni jipslikda yengib o‘ta oldi. Shu munosabat bilan ayrim bosma nashrlar Fransiyaning terrorga qarshi kurash tarixiga nazar tashladi. Quyida biz bu bilan bog‘liq asosiy voqea-hodisalar haqida ma'lumot keltiramiz.

1958 yili Jazoirning Milliy ozodlik jabhasi jangarilari axborot vaziri, Jazoirning sobiq general-gubernatori Jak Sustelning mashinasini o‘qqa tutishdi. Bu Beshinchi respublika tarixidagi birinchi terakt bo‘ldi. Sustelga hech qanday ziyon yetmadi. Ammo shu yilning o‘zidayoq jazoirlik jangarilar Parijda 4 nafar politsiyachini otib ketishdi. Bu poytaxt prefekti Moris Paponning g‘azabini keltirdi. Bunga javoban u jazoirliklar yashaydigan tumanlarda reydlar o‘tkazib, 5 ming kishini hibsga oldi.
Bu so‘l intelligensiyaning noroziliklariga sabab bo‘ldi: Paponning uslublari Gestapoga qiyoslandi, jazoirliklar saqlanadigan hududlar esa konslagerlarga tenglashtirildi. Shu bilan birga, Paponning uslublari samara berdi: 3 yil ichida, shu jumladan, jazoirlik ko‘ngillilar yordamida, Parijda Milliy ozodlik jabhasining 60 maxfiy guruhi yo‘q qilindi. Telemarkaz, aeroport va metrodagi portlashlar, Parij suv quvurlarining zaharlanishi bartaraf qilindi.
1961 yili o‘tkazilgan referendumda jazoirliklarning ko‘pchiligi Fransiyadan ajralib chiqishni yoqlashdi. Bu qarorni Sharl de Goll ham qo‘llab-quvvatladi. Bundan norozi bo‘lgan fransiyalik harbiylar “Maxfiy qurolli tashkilot”ni yaratdilar. Guruh Belgiya, Germaniya, Ispaniya va Italiyada mashg‘ulot qarorgohlariga, barcha huquq-tartibot organlarida o‘z agentlariga ega o‘ta maxfiy tashkilot edi.

Guruh jangarilari Jazoir mustaqilligi tarafdorlariga, prezidentga sodiq harbiylar va amaldorlarga qarshi suiqasdlar uyushtirdi. 1961 yil iyunida Strasburg-Parij poyezdi ketayotgan temir yo‘lni portlatib yubordi. 28 kishi halok bo‘ldi, 100dan ortiq odam jabr chekdi.
Bunga javoban jazoir ayirmachilari shu yilning sentabrida 11 nafar politsiyachini o‘ldirishdi, 17 nafarini yaralashdi. Halok bo‘lganlarning dafn marosimida Moris Papon “Har bir qurbonimiz uchun ular o‘n barobar xun to‘laydi!”, deb hayqirdi. Shundan so‘ng jazoirliklarga qarshi choralar ko‘rish yangidan boshlandi. Bu safar jazoirliklarga qo‘shib tunislik, marokashlik, ispaniyalik va italiyalik muhojirlar yoppasiga hibsga olindi. Ularni so‘roq qilishda qiynoqlar va psixotrop vositalar qo‘llangan, aniqlangan terrorchilarning qarindoshlari asirga olingan. Ayrim tutqunlar hatto Senada cho‘ktirib yuborilgani aytiladi.

Papon Parijda 150 ming kishilik nufusda istiqomat qiluvchi jazoirliklar uchun favqulodda holat joriy qilganida Milliy ozodlik jabhasi qarshi harakat tariqasida barchani namoyishlarga chiqishga chaqirdi. Ruxsat etilmagan aksiyada 40 ming kishi to‘plandi. Sen-Mishel va Neyi ko‘priklarida, Osman va Sen-Marten xiyobonlarida namoyishchilarni politsiya otryadlari kutib oldi. Namoyishchilarga qarshi nafaqat tayoq, balki jangovar o‘qlar ham qo‘llandi. Qochish chog‘ida yuzaga kelgan tiqilinchda ko‘plab odamlar oyoqosti bo‘ldi. Murdalar va yaradorlar Senaga tashlab yuborildi. Rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, o‘sha kuni 48 kishi halok bo‘lgan. Norasmiy raqamlar 200gacha boradi. Minglab odamlar Afrikaga deportatsiya qilindi. Bu voqealar haqida Parij hukumati faqat 2001 yildan oshkor gapira boshladi va o‘z uzrini keltirdi. “17 oktabrning qora tuni” qurbonlari xotirasiga bag‘ishlab Sen-Mishel ko‘prigida esdalik taxtachasi o‘rnatildi.

Shu voqealardan so‘ng jazoir ayirmachilarining harakatlari susaydi, ammo “Maxfiy qurolli tashkilot”ga birlashgan fransiyalik zobitlarning o‘zlari terrorni davom ettirishdi: ularning qarashlariga qo‘shilmaydigan amaldorlar, deputatlar, jurnalistlar, oddiy odamlar o‘ldirildi, kafelar va kinoteatrlar portlatildi. Ularning qo‘llaridan mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Prezident Sharl de Gollga qarshi 13 marta suiqasd uyushtirildi, yana 15 suiqasd maxsus xizmatlar tomonidan bartaraf etildi. 1963 yildagina tashkilot tor-mor keltirildi. Terakt ijrochilari va tashkilotchilarining kattagina qismi qatl qilindi.

Fransiyada o‘n yillik sukunat davri boshlandi. Ammo endi mamlakat Falastin ekstremistlari bilan to‘qnash keldi.
Falastin xalq ozodlik jabhasi va “Fath” inqilobiy kengashi jangarilari o‘zaro dushmanlik qilish barobarida, fransiyaliklarga ham tinch uxlashga berishmasdi. Birinchi guruh a'zosi bo‘lgan asli venesuelalik talaba “Shoqol” laqabli Karlos Ilich Ramires Sanches guruhning Yevropadagi operatsiyalariga boshchilik qildi. Birinchi safar u Isroilga xayrixoh bo‘lgan yangilik agentliklari binolari yaqinida uchta bombalashtirilgan mashinani qoldirib ketishi bilan “shuhrat” qozondi. 1975 yil 13 yanvarida Shoqol Orli aeroportida “El Al” kompaniyasi samolyotini granatomyotdan shaxsan o‘qqa tutdi. Shundan so‘ng u yarim yil mobaynida qochib yurdi, bunda u bir qancha razvedka xodimlarini hamda uni sotgan sherigini o‘ldirdi.

Falastinlik ayirmachilari bilan aloqalari uzilgach, Shoqol 80-yillarda ham jinoyatlarini davom ettirdi. 1982-1983 yillarda uning tomonidan temir yo‘l vokzallari va poyezdlarda uyushtirilgan 4 portlash oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, 150 kishi yaralandi.
70-80-yillarda, butun dunyo bo‘ylab kuzatilganidek, Fransiyada ham arman terrorchilari misli ko‘rilmagan darajada faollashdi.

Beshinchi respublika hududida faoliyat yuritayotgan “Armanilar genotsidiga nisbatan adolat uchun kurashchilar” (JSAG) hamda ASALA guruhlari, o‘zaro mafkuraviy qarama-qarshiliklarga qaramay, armanilarning barcha yerlarini birlashtirish va turklardan qasos olish borasida yagona nuqtai nazarda edi. 9 yil ichida JSAG 20 nafar, ASALA 8 nafar turkiyalik diplomatlar va ularning oila a'zolarini o‘ldirishdi. 1983 yili ASAL Orli aeroportida “Turkiya avialiniyalari” zalida portlash uyushtirdi. Halok bo‘lgan 8 kishidan faqat 2 nafari turk edi, qolgan 4 nafari fransiyalik, shuningdek, 1 nafardan amerikalik va shvetsiyalik fuqarolar bor edi.

1981 yili armani jangarilari Parijda 3 nafar turkni avtomatlardan o‘qqa tutishi oqibatida 2 nafari yaralandi, uchinchisi esa – elchining diniy masalalar bo‘yicha maslahatchi Tajalli Ari – shifoxonada olamdan o‘tdi. Jabrdiydalardan biri – mehnat masalalari bo‘yicha attashe Rishot Morali kafega yashiringanida muassasa egasi, o‘q ovozlari tinmaganiga qaramay, uni haydab chiqardi. U osiyolik odam uning kafesiga yarashmaydi, deb hisoblagan edi.

80-yillar o‘rtalarida Turkiya maxsus xizmatlari arman guruhlari rahbarlarining katta qismini yo‘q qildi.
Armani guruhlarga qarshi Fransiya yetarli darajada kurashmadi, balki, o‘z muammosi deb o‘ylamadi. Hatto hukumat ASALAchilar bilan kelishuvga borib, ular mamlakat hududida teraktlar uyushtirmasligi evaziga aeroportdan foydalanish huquqini bergan. Qo‘lga olingan jangarilarga ham ancha yumshoq hukmlar o‘qilgan.

Nihoyat, 1990-yillarda Yevropaning boshqa ko‘p davlatlari qatorida Fransiyada ham islom dunyosidan chiqqan radikal tashkilotlarning yacheykalari vujudga keldi. Dastlab ular Yevropaga tashqi faoliyat uchun baza deb qarashar edi: bu yerda pul to‘plash, targ‘ibot yuritish, rahbarlik qilish oson edi. Yangi asr boshidan esa radikallar Yevropaga baza emas, nishon sifatida qaray boshladilar.

1994 yilda Qurolli islom guruhi jangarilari Fransiyani Jazoirdagi dunyoviy hukumatni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechtirish uchun Jazoir-Parij reysini amalga oshirayotgan A300 samolyotini garovga oldilar. Ular bortida 220 yo‘lovchi bor laynerni Eyfel minorasi ustida portlatib yuborishni rejalashtirishgan edi. Ammo Marselga qo‘nib, yoqilg‘i quyish paytida havo kemasi Fransiya maxsus qo‘shinlari jangchilari tomonidan ozod qilindi, bunda birorta asirga jarohat yetmadi.

Keyingi yili terrorchilar 11 metro bekatida bomba o‘rnatishdi, shulardan 5tasi portladi. 8 kishi halok bo‘ldi, 179 kishi aziyat chekdi. Guruh yetakchisi Xolid Kilkal hibsga olish jarayonida o‘ldirildi. Qolgan yetakchilar chet elga qochib keta oldi. Ulardan birini Buyuk Britaniyadan ekstraditsiya qilishga 10 yil ketdi. 1996 yilda elektropoyezdlarda yana terakt sodir etildi, bu safar 4 kishi halok bo‘ldi, 170 kishi jarohat oldi.

2010-yillarda yangi zo‘ravonlik to‘lqini mamlakatni larzaga soldi. 2012 yili Tuluzadagi yahudiy maktabiga hujum uyushtirildi. 2013 yilda Parijda fransiyalik askar terrorchi bilan kurashda yaralandi, 2014 yil dekabrida esa Tur, Dijon va Nantda teraktlar sodir etildi. Oradan 2 hafta o‘tib, “Sharli Ebdo” jurnali tahririyatiga hujum uyushtirildi.

Ekspertlarning xulosa qilishicha, terrorga qarshi kurashning muvaffaqiyatli yakunlanishi birinchi navbatda Fransiya rahbariyatining irodasiga bog‘liq bo‘ladi. Ammo bugungi zamonda hech kim bir paytlar prefekt Paponga berilgan vakolatlarga ega bo‘la olmaydi. Fransiya sekulyarizm va multikulturalizmdan voz kechmay turib yangi tahdidlarga qarshi tura oladimi?

Muallif: Eldor Asanov

Top