16:19 / 20.11.2015
6365

Qirg‘iziston FVV: Zilzila sababli O‘sh viloyatida 570 uy yashash uchun yaroqsiz holga keldi

Yer silkinishlari tufayli Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida 570 xonadon istiqomat qilish uchun yaroqsiz holga kelib qoldi. Bu haqda mamlakat favqulodda vaziyatlar mahkamasining matbuot xizmati xabar qildi.

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, Qora-Suv va O‘zgan tumanlarida eng ko‘p talofatlar ko‘rilgan, shuningdek, boshqa tumanlar va janubiy poytaxt markazida ham shikastlangan obektlar mavjudligi kuzatildi. “Hozirda sovuq o‘tkazmaydigan chodirlar tiklanmoqda. Bishkekda uylariga kuchli shikast yetganlar uchun mobil turar-joylar tayyorlanmoqda”, - deyiladi press-relizda.

Shu munosabat bilan mamlakat bosh vaziri Temir Sariyev jamoatchilikka yuzlanib, tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlarga yordam berishga chaqirdi. Tadbirkorlardan biri qiymati bir million somdan ziyodroq bo‘lgan 15 dona konteynerni taqdim etdi. FVV ulardan vaqtinchalik boshpanalar tayyorlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 17-18 noyabr kuni viloyatda 7 ballik zilzila qayd etilgan edi.

Top