11:15 / 21.11.2015
8278

Anons: Ispaniya chempionati, 12-tur. Bugun "Klasiko"

Bugun, 21 noyabr kuni Ispaniya chempionatining 12-turi doirasida "Real" o‘z maydoni "Santyago Bernabeu"da ashaddiy raqibi "Barselona"ni qabul qiladi.

Madrid va Kataloniya superklublari o‘rtasidagi har qanday o‘yin butun dunyo muxlislarini hamisha o‘ziga jalb qilib kelgan. Futbol olami bugun teng ikkiga bo‘linishi kutilmoqda.

Ispaniya chempionatining 11-turidan keyin "ko‘k-anorranglilar" ashaddiy raqibidan 3 ochkoga ilgarilab ketgan. Ungacha chempionatda yetakchilik qilib kelgan "Real" 11-tur o‘yinini safarda "Sevilya"ga qarshi o‘tkazib, 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Bu Benites rahbarligidagi "Real"ning ilk mag‘lubiyatiga aylandi.

Luis Enrike boshchiligidagi "Barselona" esa mavsumda 2 marta mag‘lubiyatli o‘yin o‘tkazishga ulgurgan. Lekin jamoa 9 o‘yinda g‘alaba qayd etib, turnir jadvalida yetakchilikni qo‘liga olgan. Jamoa oxirgi 4 o‘yinda 13ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Qayd etish kerakki, bu natijalar jamoaning asosiy futbolchisi Lionel Messisiz qo‘lga kiritildi. Argentinalik futbolchi 26 sentabr kuni "Las Palmas"ga qarshi o‘yinda jarohat olganidan keyin maydonga qaytmadi.

Lekin u "Klasiko"gacha jarohatidan forig‘ bo‘lishga ulgurdi. Oxirgi xabarlarda uning bu o‘yinda kamida zaxiradan maydonga tushishi aytilgan.

Shuningdek, bu o‘yinga ancha vaqt jarohatda bo‘lgan "Real" futbolchisi Xames Rodriges tayyor holda yetib keldi. "Barselona"ning yana bir asosiy futbolchilaridan biri Ivan Rakitich ham formasini tiklagan. Jamoa darvozaboni Keylor Navas ham tarkibga qaytgan. "Real"dagi himoyachilar Serxio Ramos va Marselo ham o‘yinga tushishga tayyor. Shu tariqa ikki jamoa ham o‘yinga jangovar holatda yetib keldi.

Bu o‘yinda faqatgina "Real" hujumchisi Karim Benzema ishtirok etmasligi mumkin. Uning shaxsiy hayotidagi muammolar (Valbuena bilan bog‘liq mojarolar) tufayli uning ruhiy jihatdan tayyor bo‘lmasligi o‘yinni o‘tkazib yuborishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bugun "qaymoqranglilar" g‘alaba qozonishsa, jadvalda 1-o‘ringa ko‘tarilib olishadi. Mag‘lubiyat esa "Qirollik klubi"ning 6 ochko ortda qolishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, "Madrid"dagi bosim ikki barobar yuqori.

La liga rahbariyati jahondagi barcha ishqibozlarning, xususan, osiyoliklarning manfaatlarini o‘ylab, o‘yinni mahalliy vaqt bilan 18:15 (Toshkent vaqti bilan 22:15)ga belgilagan.

Parijdagi teraktlar tufayli o‘yinni xavfsiz sharoitlarda o‘tkazish choralari kuchaytirilgan.

O‘yin hakami etib andalusiyalik (Almeriya) David Fernandes Borbalan tayinlangan.

Top