15:07 / 23.11.2015
2388

Blatter: Platinining halol odamligiga ishonaman

FIFA prezidenti Yozef Blatterning ma'lum qilishicha, u UYeFA rahbari Mishel Platinini halol odam deb biladi. U RTS televideniyesiga bergan intervyusida shu haqda aytib o‘tgan.

90 kunga futboldan chetlatilgan Blatterning aytishicha, JCh-2014 musobaqasidan keyin o‘z lavozimidan ketishi kerak edi.

Blatter Platiniga qo‘llangan sanksiyalarning bekor qilinishiga umid bildirgan. U FIFAning yangi prezidenti aynan Platini bo‘lishi kerak deb hisoblamoqda.

"Platini - rostgo‘y odam. Umid qilamanki, unga nisbatan qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanadi. Mendan ham.

U FIFA prezidenti bo‘lishga eng loyiq nomzodmi? Ha.

O‘zimga kelsak: Braziliyada o‘tgan JChdan keyin ketishim kerak edi. Men bu ishni qilmaganimdan juda afsusdaman.

Endi bo‘lsa o‘zimga o‘zim aytaman: "Yozef, sen yaxshi ishlarni qilding, ammo hozir yoshing ham bir joyga borib qoldi. Endi to‘xta", - deydi u.

O‘tgan haftada FIFA Blatter va Platinining 90 kunga futboldan chetlatilishiga qarshi apellyatsion murojaat bilan chiqishini inobatga olmagandi.

Eslatib o‘tamiz, Blatter va Platini deklaratsiya to‘ldirmagan holda, og‘zaki kelishuvga asosan 2 million shveysariya franki miqdorida mablag‘ni Platini hisobiga o‘tkazib berishda ayblanib, sentabr oyi oxirida yuqorida qayd etilgan jazoga tortilgandi.

20 noyabr kuni Platini o‘zining futboldan chetlashtirilgani bo‘yicha Lozannadagi Sport arbitraj sudiga shikoyat bilan chiqdi.

Top