18:49 / 23.11.2015
2745

Toshkentda KOICA bitiruvchilari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) 2015 yilning 20 noyabr kuni Toshkentda o‘zining diplom dasturlari bitiruvchilarining uchrashuvini tashkil qildi, deb xabar berdi Uzdaily. Ushbu tadbir bitiruvchilar salohiyatini ko‘rsatish hamda trening kurslari samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etildi. Unda trening kurslari bitiruvchilari, shuningdek, bir qator vazirlik va idora vakillari ishtirok etdi.
Kurslar turli sohalarda mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan. Bitiruvchilar Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalarida stajirovka o‘taganlar. Kurslar asosan ma'muriy boshqaruv, ta'lim, sog‘liqni saqlash, sanoat, energetika, axborot texnologiyalari va atrof muhit himoyasi singari yo‘nalishlarga qaratilgan.
Tadbirda Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Li Uk Xyon, O‘zbekiston mehnat va aholini ijtimoiy muhokama qilish vaziri Aziz Abduhakimov, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri o‘rinbosari Shavkat To‘laganov, tashqi ishlar, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, moliya vazirliklarining vakillari ishtirok etishdi.
KOICA taklifiga binoan 1992 yildan 2015 yilga qadar O‘zbekistondan 1 700 kishi Koreyada stajirovkadan o‘tdi va tahsil oldi. Shu yilning avgustida 18 nafar davlat xizmatchilari shu tashkilot taklifiga binoan Koreyaga malaka oshirishga yo‘llandi.

Top