17:05 / 24.11.2015
4316

Amerikalik amaldor internetda uni xafa qilgan izohni qoldirgan odamni topishga 4 yil va 35 ming dollar sarfladi

AQShdagi Friport nomli kichik shaharchadagi okrug kengashi rahbari Uilyam Xedli 2011 yil saylanish chog‘ida mahalliy gazeta saytida noma'lum foydalanuvchi tomonidan haqorat qilingan edi. Deyarli 4 yil mobaynida bu foydalanuvchini topish uchun u 35 ming dollar sarfladi.

Axiyri u o‘zini xafa qilgan odamni topishga muvaffaq bo‘ldi, lekin o‘zi xohlaganday qasos ololmadi. Voqea tafsilotlari The Verge nashrida keltirildi.
Xedli 2002-2008 yillarda kengashga boshchilik qilgan, ammo o‘rnini yo‘qotib, 2009-2011 yillarda shaxsiy amaliyot bilan shug‘ullangan edi. Kengashda joy bo‘shaganini eshitib, u yana o‘z nomzodini ko‘rsatdi.

O‘zining “siyosiy dasturi” sifatida Xedli okrugda yangi sanoat parki qurilishi uchun olingan qarzni tanqid ostiga olishni tanladi. Xedlining fikricha, bor-yo‘g‘i 47 ming kishi yashaydigan Stivenson okrugi uchun (Illinoys shtati) ilgari olingan 3 qarzdorlik ham yetadi, 2032 yilga qadar yana 5.5 mln dollarlik qarz olish esa ortiqchalik qiladi.

2011 yil dekabrida mahalliy Journal Standard gazetasining saytida Fuboy nikidagi foydalanuvchi siyosatchiga bag‘ishlangan material ostida quyidagi mazmundagi sharhni qoldirdi: “Xedli – bu Sandaskidir, u fosh bo‘lishni kutmoqda. Qarang, uning uyidagi pillapoyadan Empire maktabiga qanaqa ko‘rinish bor”.
Jyerri Sandaski Pensilvaniya universitetida futbol bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlagan. U 2011 yili pedofiliyada ayblanib hibsga olindi va keyinchalik sud tomonidan 30-60 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Shundan so‘ng Xedli ushbu nik egasini topishga bel boyladi. Mahalliy aholi vakillari Fuboy’ning so‘zlarini jiddiy qabul qilmasa-da, qidiruv jarayonlarini qiziqish bilan kuzatdi.
2012 yil martida Xedli suddan sharh qoldiruvchisining IP manzilini gazetadan olish huquqini beruvchi qaror chiqartirilishiga erishdi. Manzil AQShning eng yirik provayderi bo‘lmish Comcast kompaniyasiga tegishliligi aniqlandi. Kompaniyadan IP manzili haqida ma'lumot olish uchun yana bir da'vo talab qilindi. U paytga kelib Xedli saylanib bo‘lgan edi.

2015 yil avgustida sud xarajatlariga 35 ming dollar sarflab bo‘lgan amaldor sharh kimga tegishliligini nihoyat bildi: ma'lum bo‘lishicha, bu oddiy bezori emas yoki Xedlining raqobatchisi emas, balki u bilan 2000-yillar o‘rtasida birga ishlagan okrug prokurori Frenk Kuk ekan.
Fosh bo‘lganidan bir kun o‘tib prokuror iste'fo berdi.
Shu munosabat bilan to‘plagan matbuot anjumanida Xedli o‘z oilasining nomini himoya qilganini ta'kidladi.
U Kuk ustidan 50 ming dollarlik ma'naviy zarar undirish uchun sudga da'vo qiladimi, yo‘qmi, hozircha aniq emas.

Eldor Asanov tayyorladi

Top