09:08 / 24.11.2015
6602

"Dinamo"ning sobiq futbolchisi: Samarqand jamoasi bazasidagi futbolchilar liboslarini o‘zi yuvadi

"Futbol sharhi" ko‘rsatuvining navbatdagi sonida O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq a'zosi va "Buxoro" klubi yarim himoyachisi Aziz Ibragimov mehmon bo‘ldi.

Boshlovchi Zafar Imomxo‘jaev tomonidan Ibragimovga "Nima uchun "Dinamo"ni tark etdingiz?" mazmunidagi berilgan cavolga futbolchi shunday javob berdi:

"Samarqand katta shahar va futbol o‘ynash uchun eng ajoyib joylardan biri deb o‘ylayman. Stadion ham , muxlislar ham, barchasi ajoyib. Bu borada hech qanday muammoni ko‘rmadim. "Dinamo" natija ko‘rsatishi uchun birinchi navbatdagi rahbariyatni almashtirishi kerak. Klub turar joyi juda yomon holatda. Yashash joyimizda futbolchilar xonasida sharoitlar yetarli emasdi. Hamma o‘zining kiyimlarini o‘zi yuvardi. Ba'zan 5-6 soatlab navbat kutar edik. Rahbariyat qilishi kerak bo‘lgan ishlarning hammasini futbolchilarning o‘zi bajarar edi. Yoz faslida futbolchilar xonalarning issiqligidan qiynaladi. Bazamizda birgina dush bor edi", - deydi "Dinamo"ning sobiq futbolchisi.

U yangi mavsumda yangi jamoada faoliyatini davom ettirishi mumkinligini bildirgan.

"Hozir bir narsa deya olmayman. Mavsum yakuniga yetdi va men ta'tilda oilam bilan dam olmoqchiman. Keyin nima bo‘lishi haqida yangi yilda yangilik bo‘lib qoladi, - deydi Ibragimov shu xususdagi savolga javoban.

Eslatib o‘tamiz, Ibragimov "Dinamo"dan ketgach, samarqandliklar rasmiy saytida futbolchiga xorijdan taklif tushgani bois shartnomaga muvofiq ketgani aytilgan edi. Ammo yarim himoyachi mavsumning qolgan qismini xorijda emas, "Buxoro"da o‘tkazgan.

U "Buxoro"ning oliy ligada qolishiga o‘z hissasini qo‘shdi, "Dinamo" esa quyi ligaga tushib ketdi.

Top