21:25 / 24.11.2015
2767

Independent: 52 foiz britaniyaliklar Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishni istashmoqda

Parijdagi teraktlardan keyin 52 foiz britaniyaliklar Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqib ketishini istashmoqda, deb yozmoqda The Independent nashri nolyabrda o‘tkazilgan so‘rovnoma ma'lumotlariga iqtibos keltirgan holda.

Ta'kidlanishicha, shunga o‘xshash so‘rovnomalar iyun, iyul va sentabrda o‘tkazilganda ko‘pchilik britaniyaliklar Yevropa Ittifoqida qolishni istashgan. O‘tgan oyda OAVlar migratsiya inqirozi sababli yuzaga kelgan muammolarni batafsil va keng yoritishni boshlashgandan keyin Yevropa Ittifoqida qolishni istovchi britaniyaliklar 53 foizgacha qisqardi.

Maqola muallifining ta'kidlashicha, noyabrda o‘tkazilgan tadqiqot avlodlar o‘rtasidagi ulkan tavofutni namoyish qildi. 18-24 yoshdagilarning 69 foizi YeIda qolishni istashmoqda, 65 yoshdan kattalar orasida esa bu ko‘rsatkich 38 foizni tashkil qilgan.

O‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, Shotlandiya va Uelsda Yevropa Ittifoqida qolishni istovchilar ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Kent universiteti professori Mettyu Gudvinning fikricha, aynan Yevropadagi migratsiya inqirozi va muhojirlar borasida jamoatchilik orasidagi muntazam xavotir britaniyaliklar o‘rtasida YeI tarkibidan chiqish istagi paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan.

Top