19:59 / 24.11.2015
2927

Toshkentda “YevroOsiyo – 2015” ikkinchi xalqaro parrandachilik forumi bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizda “YevroOsiyo – 2015” ikkinchi xalqaro parrandachilik forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar qildi.

Xabarda keltirilishicha, forumda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston menejyerlar va “Parrandasanoat” uyushmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Xitoy, Gollandiya, Rossiya, Ukraina kabi davlatlar vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, “Parrandasanoat” uyushmasi raisining o‘rinbosari P.Rahmatullayev, Yevroosiyo parrandachilar uyushmasi prezidenti S.Shabayev va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va fermerlik harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l-ko‘lligi va aholi farovonligini ta'minlashda muhim omil bo‘layotganini ta'kidladi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,6 foizga o‘sdi. Parrandachilikka ixtisoslashgan uch mingdan ortiq tadbirkorlik sub'yektlari va fermer xo‘jaliklarida parhez go‘sht va tuxum yetishtirish hajmi yil sayin ortmoqda. Hozir yurtimizda qariyb 55 million parranda parvarishlanmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foiz ko‘pdir.

Xalqaro forumda sohada qisqa muddatda parranda mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish va aholini sifatli parhez mahsulotlari bilan ta'minlashga erishilgani alohida qayd etildi. Shuningdek, parrandani oziqlantirish, kasalliklarga qarshi kurashish, naslchilik ishlarini yaxshilash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng jalb etishga bag‘ishlangan ma'ruzalar tinglandi.

Top