11:00 / 24.11.2015
2553

Toshkentda xalqaro kitob festivalining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

22 noyabr kuni Toshkentdagi TChK kovorking markazida Buyuk Britaniyaning Hertfordshire Press matbaa uyi tomonidan Open Eurasia and Central Asia book forum and literature festival nomi ostida o‘tgan kitob festivalining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bir qancha kitobsevarlar hamda yosh ijodkorlar to‘planib, o‘zaro fikr almashish hamda Hertfordshire Press faoliyati bilan tanishib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, matbaa uyi bir necha yildan buyon Markaziy Osiyo, shuningdek, qo‘shni mintaqalar ijodkorlari o‘rtasida tanlov o‘tkazib keladi. Tanlov to‘rt yo‘nalishda o‘tadi – “Badiiy asar”, “Badiiy tarjima”, “Rasm” va “Videofilm”. Asarlar rus, ingliz, ozarbayjon, qirg‘iz, o‘zbek, qozoq, tojik, turkman tillarida qabul qilinadi.

Tanlovning yutuq jamg‘armasi 31 ming dollarni tashkil qiladi. jumladan, “Badiiy asar” yo‘nalishi g‘olibiga qariyb 20 ming dollar miqdoridagi grant taqdim etilib, bu mablag‘ uning kitobini chop etish va Buyuk Britaniyada kitob taqdimotini o‘tkazishga sarflanadi. Joriy yilda tanlovda 800dan ortiq ijodkor ishtirok etdi.
Toshkentdagi uchrashuvga loyiha koordinatori Enn Lari ham tashrif buyurdi.

Ishtirokchilarga – tanlovning o‘zbekistonlik qatnashchilari hamda qiziquvchilarga festival tafsilotlari aks etgan qisqa videofilm namoyish etildi. So‘ng so‘zga chiqqan Enn Lari barchaga bildirilgan qiziqish uchun minnatdorchilik bildirib, oxirgi yillarda Hertfordshire Press tomonidan O‘rta Osiyo tillaridan, shuningdek, ruschadan ingliz tiliga o‘girilib, chop etilgan kitoblar haqida axborot berdi.

Bundan tashqari, mikrofon oldiga boshqa o‘zbekistonlik ijodkorlar chiqishdi. Kechada rus, o‘zbek va ingliz tilida she'rlar yangradi. Tadbirda so‘z olgan shoir va tarjimon A'zam Obidov Uilyam Shekspir sonetlarining o‘zbekcha tarjimalarini o‘qib berdi.
Iliq va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tashkilotchilar o‘zbekistonlik adabiyot oshuftalarini ijodiy hamkorlikni davom ettirishga chaqirib qolishdi.

Top