19:33 / 25.11.2015
25809

“Kichkina shaxzoda”dan falsafiy fikrlar

Antuan de Sent–Ekzyuper qalamiga mansub, yosh–u kattaning ko‘nglidan birdek joy olgan afsonaviy "Kichkina shaxzoda" asari ilk marotaba 1943 yil 6 aprel kuni Nyu-Yorkda chop ettirilgan edi va bu asar hozirgi kunga qadar dunyoning 180 dan ortiq tilga tarjima qilindi.

Alohida sayyorada atirgul bilan birga yashaydigan tilla sochli bola haqidagi ushbu asarni o‘qimagan yoki u haqda eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Ushbu asarni o‘qigani ancha bo‘lgan yoki umuman mutolaa qilmaganlar uchun, ushbu asardan sevgi va do‘stlik haqidagi eng yaxshi fikrlarni taqdim etishni ixtiyor etdik. 

Hamma kattalar ilgari bola bo‘lgan. Ammo hammasi ham buni eslay olmaydi.

Do‘stlarni unutib qo‘yish yaxshi emas, chunki har xil do‘stlar bor. 

Odamlar poyezdga tezroq, shoshilib chiqishga harakat qilishadi, ammo ular ayni damda nimani qidirayotganliklarini bilmaydilar. Shu sabab ularning halovati yo‘q. O‘zlarini u yo‘ldan bu yo‘lga urishadi. Lekin hammasi bekor…  

Sen o‘z harakatlaring bilan yashayapsan, jisming bilan emas… Sen – o‘zingni harakatlaringdasan, sendan boshqa sen yo‘q. Shunday qat'iy qoida bor: ertalab uyg‘ondingmi, yuz–qo‘lingni yuv, o‘zingni va o‘z sayyorangni tartibga keltirib qo‘y. 

– Eng yaxshisi har doim bir vaqtda  tashrif buyur, – deya iltimos qildi Tulki. Masalan, agar sen soat 4 da kelsang, men seni kutgunga qadar 3 soat  baxtiyorlikni his etaman. Uchrashuv daqiqalari yaqinlashgani sari yanada quvonchga to‘laman. Agar sen har xil vaqtda kelsang, seni qaysi payt kelishingni bilmayman, yuragimni kuttirib qo‘yaman. Doimo bir hil vaqtda kel, buni an'anaga aylantiraylik… 

Kattalar hech qachon hech narsani o‘z holicha tushunmaydi, shu sababli bolalar nimanidir tushuntirish va uqtirish uchun juda qiynalib ketishadi. Bu esa juda zerikarli…  

– Sening sayyorangda odamlar bir bog‘ga mingta atirgul o‘stirashdi… Ammo izlagan narsasiga erisholmaydi…

–  Ha to‘g‘ri – tan oldim men. 

– Zero, ular izlagan narsasini bir atirguldan ham topa olishlari mumkin. Nega shuni tushunmaydilar? 

– Odamlar qani? – havotirda so‘radi kichik shaxzoda, – cho‘l–u – biyobonda bir o‘zim yolg‘iz qoldim…  

– Odamlar orasida bo‘lsang baribir yolg‘iz bo‘lasan… – deya javob qaytardim.  

– Odamlar nimadir bilishi yoki o‘rganishi uchun vaqt ham yetarli emas. Masalan, ular do‘kondan tayyor narsani xarid qilishadi. Ammo haqiqiy do‘stlik do‘konlarda sotilmaydi. Balki shu sababli odamlar orasida do‘stlik tuyg‘usi yo‘qolib borayotgandir. 

–  Kattalarga: "Men juda chiroyli uy ko‘rdim, qizil g‘ishtli, derazalari atirshoh bilan o‘ralgan, tomlari havorang, juda ajoyib uy…", – deb emas, "Men 100 ming franklik uy ko‘rdim", deyishning o‘zi kifoya. Shunda ular hammasini tushunadi va "Naqadar ajoyib go‘zallik, zo‘r uy ekan", deyishadi. 

Kattalar raqamlarni yaxshi ko‘rishadi. Agar ularga yangi do‘sting haqida gapirsang, do‘stingni ovozi, uni qaysi o‘yinni yaxshi ko‘rishi, kapalak tutishni bilish–bilmasligi umuman qiziqtirmaydi. Ular darov "Do‘sting necha yoshda? Aka – ukalari nechta? Og‘irligi qancha? Otasining oyligi qancha?", deb so‘rashadi. Savollarga javob olingach, do‘stingni tanigandek bo‘lishadi. 

– Agar do‘sting bo‘lishini istasang, mendan o‘rnak ol!

– Buning uchun nima qilish kerak? – so‘radi kichkina shaxzoda. 

– Sabr – toqatli bo‘lish kerak – javob qaytardi Tulki. – Avvalo, to‘g‘rimdagi stulga o‘tir va birmuncha kut. Men senga ko‘z qirim bilan qarayman, sen esa sukut saqla. Faqat har kuni biroz–birozdan yaqin kelaver… 

O‘zinga o‘rgatgan odamlar uchun hamisha javobgarsan, buni unutma. 

– Bir kuni men quyosh botishini 43 marta tomosha qildim. Bilasanmi, agar seni qayg‘u bossa, quyosh botishini tomosha qilish  qanchalar maroqli… 

– Demak sen quyosh botishini 43 marta ko‘rgan kuning, nimadandir juda ranjigan ekansan–da?

So‘zlar bir–birimizni tushunishga halaqit beradi.

Siz chiroylisiz, ammo hammadan holisiz, – so‘zini davom ettirdi kichkina shaxzoda, – ammo siz uchun hech kim jonini bermaydi. Odamlar qo‘limdagi atirgulni ko‘rib, uni sizga qiyoslashadi. Ammo gulim hammadan ham ko‘ra menga qadrliroq. Chunki men siz bilan emas, gulim bilan har dam birga edim. Uni yomg‘irdan, do‘ldan avayladim. Shamollarda devor bo‘lib, asradim. Atrofidan begona o‘tlarni yulib tashladim, faqat bir–ikkita donasi kapalaklar kelib qo‘nishi uchungina qoldi xolos. Men uning maqtovi, sukunati , hasratini tinglab yashadim. U – meniki, faqat meniki. 

Yulduzlar nega doimo nur sochishini bilgim keladi. Bildimki, yulduzlar odamlar uchun tanlashi kerak bo‘lgan yo‘lni yoritib turadi… 

Gullar ne deyishidan qat'iy nazar ularni tinglamang. Faqat go‘zalligi va iforidan bahra oling… Bo‘ldi. Mening gulim butun sayyoramni o‘zining xushbo‘y ifori bilan to‘ldirdi, ammo men uni xursand qilolmadim. 

Do‘sting borligi qanday yaxshi… Joningni qurbon qilish kerak bo‘lsa-da, do‘sting borligi baribir yaxshi… 

Sevgi – bu hamma narsani, hammani unutish, hech narsadan qo‘rqmaslik, deganidir. Tushunyapsizmi? Sevgida vafo va sadoqat, ishonch hamisha muhim o‘rinda turadi.

U savollarimning birortasiga javob bermaydi. Hamisha bir xil, yuzlari qizargan sukut saqlaydi. Bu rozilik alomati emasmi?

Gullar yulduzlardek ko‘p… Ammo sevsangiz faqat bittasiga ko‘ngil qo‘ying. Yulduzlar millionlab bo‘lsa-da, ularga faqat tikilib, o‘zingni baxtiyor his etishing mumkin va o‘z–o‘zingga "Mening gulim qayerdadir bor… u qerdadir…", deya ayta olsan…

Top