12:39 / 25.11.2015
5070

Guardian: Abdulhamid Abaud Parijda yana teraktlar sodir etmoqchi edi

Parijdagi teraktlar tashkilotchsi Abdulhamid Abaud 13 noyabr voqealaridan keyin yana bir katta terakt tayyorlagan. Guardian nashri ma'lumotiga ko‘ra, u qolgan tarafdorlari bilan La-Defans tumanida terakt uyushtirmoqchi edi.

24 noyabr kuni Parij shahri prokurori Fransua Molen jurnalistlarga 18 va 19 noyabr kunlarida terrorchilar La-Defans mavzesida teraktlar sodir etmoqchi bo‘lgani haqida ma'lumot bergan. Uning aniqlik kiritishicha, Parijdagi teraktlar vaqtida Abaud bir necha soat davomida hujum uyushtirilgan kafelardan biri yaqinida voqealarni kuzatgan.
18 noyabr kuni Parij shimolidagi Sen-Deni tumani hududida o‘tkazilgan aksilterror amaliyot vaqtida u o‘ldirilgan.

Ayni vaqtda Parij teraktiga aloqador shaxslarni izlash va qo‘lga olish ishlari davom etmoqda. Parij prokuraturasi terrorchilardan 2 nafariga teraktdan oldin uyidan joy bergan shaxsga ayblov e'lon qildi.

Prokuror Molenning aytishicha, Javod Ben Dau ismli ushbu shaxs terakt sodir etilishi rejasidan bexabar bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin u guvoh sifatida qo‘lga olingan.

Shuningdek, uning qo‘shnilari Ben Dauni "mahalla gangsteri" sifatida bilishgan.

Biroz oldinroq, Parij teraktiga aloqadorlikda gumon qilingan 124 kishi qo‘lga olingan.

Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr kuni Parijda davomli teraktlar sodir etilgan. Natijada 130 kishi halok bo‘lgan, 351 kishi jarohatlangan, ularning 99 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Top