17:02 / 25.11.2015
5930

Putin Su-24 samolyotining marhum komandirini va qutqaruv amaliyoti chog‘ida vafot etgan matrosni davlat mukofotlari bilan taqdirladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriya va Turkiya chegarasida turklar tomonidan urib tushirilgan Su-24 rusumli bombardimonchi samolyoti ekipaji davlat mukofoti bilan taqdirlanishini ma'lum qildi.

Prezident samolyotning birinchi uchuvchisi, marhum komandirga Rossiya qahramoni unvonini bergan.

Putin samolyotning ikkinchi uchuvchisi omon qilganini tasdiqlagan.

"U qutqarib qolingan va bilishimcha, hozirda biznikilarga tegishli aviabazada. U va uni qutqarish bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyada ishtirok etganlar ham davlat mukofotlari bilan taqdirlanishadi", degan prezident.

"Kema komandiri, podpolkovnik Peshkov Oleg Anatolevichga "harbiy burchini bajarish chog‘ida ko‘rsatgan qahramonligi, mardligi va jasorati uchun Rossiya Federatsiyasi Qahramoni (vafotidan keyingi) unvoni berildi", deyiladi mukofotlash to‘g‘risidagi prezident farmonida.

Rossiya prezidenti saytida chop etilgan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonda aytilishicha, Rossiya prezidenti Su-24 samolyotining Rossiya va Suriya harbiylari tomonidan qutqarib qolingan shturmani kapitan Konstantin Muraxtin hamda qutqaruv operatsiyasida qatnashib, qidiruv amaliyoti vaqtida Lataqiyada o‘rnashgan turkman guruhlari jangchilari tomonidan o‘ldirilgan matros Pozinich Aleksandr Mixaylovichni (vafotidan keyingi) Jasorat ordenlari bilan taqdirlagan.

Biroz oldinroq, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Su-24 samolyotining ikkinchi uchuvchisi qutqarilgani va bazaga qaytarilgani haqida ma'lum qildi.

Undan oldinroq, Rossiya Mudofaa vazirligi uchuvchilardan biri turkman jangchilari tomonidan havodaligidayoq otib o‘ldirilgani haqida xabar qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni tongda Turkiya—Suriya chegarasida Suriyadagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirildi. Turkiyaning ta'kidlashicha, samolyot mamlakat havo kengliklarini buzib o‘tgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Rossiya samolyoti Turkiya hududiga kirmagan.

Top